Kitobda koronavirus yuqtirishda gumonlanib, vafot etgan fuqaro oʻlimi tafsilotlari ochiqlandi

14:15 01 Iyun 2020 Jamiyat
1641 0

Avval xabar qilganimizdek, Kitob tumanida koronavirus bilan kasallanganlik boʻyicha gumonlanish holati qayd etilgan edi. Gumonlanuvchi, 1963-yilda tugʻilgan fuqaro N.O. Kitob tumanida yashagan. U 2020-yil 10-aprel kuni Qozogʻiston Respublikasiga ketgan. Joriy yil 9-may kuni yurtimizga qaytib kelgan va Toshkent viloyatidagi Karantin markaziga tibbiy kuzatuvga olingan. 10-may kuni esa Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasi terapiya boʻlimiga pnevmoniya tashxisi bilan yotqizilgan.

Sogʻliqni saqlash vazirligining maʼlum qilishicha, oʻtkazilgan diagnostik taxlillardan soʻng bemorda “Covid-19” infeksiyasi aniqlanmagan. Bundan avval u jigar sirrozi tashxisi bilan davolangan.

Shu yilning 29-may kuni Kitob tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch tibbiy yordam boʻlimiga olib kelingan. Koronavirus infeksiyasiga olingan taxlil unda gumon natijani qayd etgani bois surtma namunalari 31-may kuni oʻrnatilgan tartibga koʻra, maxsus laboratoriyaga yuborilgan. Shu kuni u oʻtkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan vafot etgan.

Koronavirusga gumonlangan marhum bilan muloqotda boʻlgan barcha fuqarolar ehtiyot chorasi sifatida statsionar va uy karantiniga olingan. Kitob tuman hududi toʻliq karantinga yopilgan.

Shu yilning 31-may kuni yuborilgan surtma namunalarini takror tekshiruv natijalariga koʻra, marhum bemorda koronavirus infeksiyasi aniqlanmadi. Demak, bir oy ichida oʻtkazilgan ikkinchi bor diagnostik taxlil ham N.O. “Covid-19” infeksiyasiga chalinmaganligini koʻrsatgan. U yondosh kasalliklar tufayli vafot etganligi maʼlum boʻldi. Shunday boʻlsa-da, qatʼiy sanitariya qoidalariga koʻra, karantinga olingan fuqarolar maʼlum muddat tibbiy kuzatuvda boʻlishadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер