Kitob koʻksiga qadalgan oʻq
Shofirkonlik dongdor fermer, Oʻzbekiston Qahramoni Azim Latipov Ikkinchi jahon urushidan soʻz ochilgan zahoti otasini eslaydi.
Joyi jannatga boʻlgur padari buzrukvori juda bosiq, sermulohaza, urush koʻrgan odam edi.
— Otam Shukur Latipov 1938-yilda Fargʻona harbiy bilim yurtida oʻqib, ofitser sifatida armiyaga yoʻl olgan, — deydi Azim aka. — 1941-yilda urush boshlangach, xizmat burchini oʻtab turgan joyidan frontga joʻnab ketadi.
Katta leytenat Sh. Latipovga ona-yurtga qaytish nasib etdi.Uylandi.Turmush oʻrtogʻi Fotima aya bilan besh oʻgʻil, ikki qizni tarbiyalab el qatoriga qoʻshdi.
— Rahmatli otam urushdan soʻz ochilsa maʼyus tortib qolardi, — deya davom etadi suhbatdoshimiz. — “Xotiralaringizdan soʻzlab bering”, desak chuqur xoʻrsinib, “Urush oʻz nomi bilan urush, bolalarim.Jang maydonlaridagi dahshatlarni eslagim ham kelmaydi”, derdi. Ammo bir voqeani aytib bergani kechagidek yodimda.
— Biz, jangchilarga oziq-ovqat bilan birga badiiy kitoblar ham tarqatishardi, — deya hikoya qilgandi otam. — Oʻq tovushi tinib, sukunat choʻkkan kezlarda, hordiq soniyalarida badiiy asar eng yaxshi hamroh edi. Uyimizdan xat kelishini orziqib kutgan kabi yangi kitoblarga ham intiq boʻlardik. Bir safar okopda kitob oʻqib turganimda koʻzim nogahon qorongʻilashib ketganday, qoʻlimga birov zarb bilan urganday tuyuldi. Darhol payqadim — daydi oʻq.
Daydi oʻq deganlari ne-ne jangchilarning oʻlimiga sababchi boʻlmagan, deysiz. Ammo omadim bor ekan. Oʻq shundoq koʻksim yaqinidan oʻtib, men mutolaa qilib turgan kitobga qadalibdi. Qarasam, kitob varaqlari ilma-teshik. Bir oʻlimdan qolganim uchun Allohga shukr qildim. Kitobni koʻzlarimga surtdim. Kitobdan ilohiy nur taraladi, deyishlari bejiz emas ekan. Balki undagi ilohiy kuch menga kelgan baloga balogardon boʻlgandir. Nima boʻlganida ham bir narsaga ishonchim komil: Kitobdagi qudratli kuch oldida hatto oʻlim ham ortga chekinadi.
Shu-shu kitobga ixlosim oʻn chandon oshdi. Senlarga ham “Kitob oʻqinglar. Uni asrab avaylanglar”, deya bot-bot takrorlashim boisi shu.»
— Otam daydi oʻq tekkan oʻsha kitobni urushdan oʻzi bilan birga olib kelgandi, — deydi soʻzi nihoyasida Azim aka. — Muqovasi qizil matodan edi. Kitob qalinligi uch santimetrdan kam emasdi. Aytmoqchi, otam nasihatlariga amal qilib kam boʻlmadik. Yettovimiz ham ilmu hunar ortidan el-yurtda hurmat-eʼtibor qozondik. Uvali-juvalimiz.
Har safar kitob varaqlaganimda koʻz oldimga otajonim gavdalanadi.U kishi tepamda turib duoga qoʻl ochib turganday tuyuladi.
Shunday otaning farzandi ekanimdan faxrlanaman.
Istam IBROHIMOV,
(“Xalq soʻzi”)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring