Kim nima eksa shuni oʻradi. Oʻzbek xalqi yuz yildan beri hech narsa oʻrmayapti... — A.Qodirov

22:39 20 Avgust 2020 Siyosat
1560 0

Maxsus komissiya toʻylarda odam sonini 30 kishidan oshirishni taqiqladi.

Saylovchilarning savollaridan maʼlum boʻlmoqdaki, odamlar 100—200 kishilik tadbirlarni oʻtkazish yoʻllarini izlashmoqda: “30 tadan 5-marta yigʻsa nima boʻladi?“, “Alohida uylarda oʻtadigan tadbirlarning hisobi birlashadimi?”, “Hovlimga 300 nafar odam sigʻadi, xavfsizlikni taʼminlayman, ruxsat boʻladimi?”, “Mahalla raisi bilan nozirni koʻndirib, imi-jimida oʻtkazib olsak, kim eʼtiroz qiladi?" va hokazo...

Uyingizga koʻp odamni jamlash davlatga emas, avvalo oʻzingizga zarar:

Birinchidan, taklif etilganlarni sogʻlom ekanligi, yaʼni virus tashuvchi emasliklariga kafolat berolmaysiz;

Ikkinchidan, agar virus sizning tadbiringizda tarqalsa, xastalarning davolanish xarajatlari zimmangizga yuklanadi;

Uchinchidan, ularning orasida katta ehtimol bilan oilangiz aʼzolari ham boʻladi;

Toʻrtinchidan, jarima toʻlaysiz;

Arziydimi?

Qolaversa, masala virusda ham emas! Toʻy nima oʻzi? Ikki yosh insonning oila qurish qarorini elga eshittirish tadbiri. Bu maqsadga nikohni qayd etish va nikohni oʻqish marosimlarida ishtirok etadigan har ikki tomonning vakil-guvohlari vositasida erishib boʻlinadi. Dasturxon — ixtiyoriy, imkoniyatlar bilan bogʻliq masaladir. Farzandlarini qoʻllab-quvvatlamoqchi boʻlgan ota-onalar sovgʻalarini, yosh oilaga madad boʻlmoqchi boʻlgan qondoshlar toʻyonalarini hammaga koʻrsatmasdan, yoshlarga berishsa, bexarajat va foydaliroq boʻlmaydimi? Yoshlar yaxshigina sarmoya bilan, xotirjam katta hayotga qadam qoʻyish imkoniyatiga ega boʻladilar.

Afsus, shu ixtiyoriy qism “orzu-havas"larning raqobat rituallari va ijaraga olingan obroʻni koʻz-koʻz qilish maydoniga aylanib, unda yosh oilaning murgʻak havaslari koʻpkariga tashlangan uloqchadek chilparchin boʻlib ketayapti. Yosh oila kimoʻzarchi ota-onalar “koʻmagida” ochofat va yaltiroq isrofdan qarzga botib qolyapti. Soxta va befoyda eʼtirof ilinjida jamiyatning asosiy ustuni hisoblangan oilaning poydevori qumdan boʻlib, birinchi sinov shamolidayoq sochilib ketyapti.

Kim nima eksa shuni oʻradi. Oʻzbek xalqi yuz yildan beri hech narsa oʻrmayapti. Baʼzi xalqlar allaqachon kelajak hisobini yakunlamoqdalar... hatto bizning oʻrnimizga ham.

Toʻy-maʼrakalardagi xoʻjakoʻrsin raqobatdan bosh koʻtarib, tarbiya, ilm-maʼrifat, iqtisodiy taraqqiyot yoʻlida harakat va raqobatga kech qolmayapmizmi?

Yaponlarda juda qiziq bir xalq maqoli bor ekan: “Otalarning puliga toʻy qilganlarning nabiralari gadoylik qiladilar”.

Oʻzbekistonni oʻzgartirish uchun oʻzimizni oʻzgartirishimiz kerak.

Alisher QODIROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,
Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi

fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер