Kiyevda qolib ketgan va boshpana izlab Moldovaga oʻtgan yurtdoshlarimizning taqdiri, Ukrainadagi eng xavfsiz transport... — TIV rasmiy vakilining Ukrainadagi vaziyat boʻyicha OAV savollariga javoblari

19:56 03 Mart 2022 Jamiyat
1061 0

Arxiv surat

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Yusup Kabuljonovning Ukrainadagi vaziyat boʻyicha OAV savollariga javoblari.

1.Ukraina fuqaroligini olgan oʻzbeklar ham Oʻzbekistonga evakuatsiya qilinadimi?

— Soʻnggi vaqtlarda aralash nikohdagi oilalar vakillari yoki Oʻzbekistonda tugʻilgan, ammo Ukraina fuqaroligini qabul qilgan fuqarolardan evakuatsiya qilish boʻyicha murojaatlar ham koʻpaydi.

Barcha murojaat qilayotganlarga urush hududini imkon qadar tezroq tark etib, Lvov shahriga borish tavsiya etilmoqda. Oʻzbekistonning Kiyevdagi Elchixonasi ularni Lvovdagi toʻplanish nuqtasidan «Krakoves» (Polsha) nazorat-oʻtkazish punktigacha yetkazishda yordam berishga tayyor.

Aralash nikohlar guruhi vakillarini Oʻzbekistonga evakuatsiya qilish imkoniyati boʻyicha soʻrovlarga javoban Elchixona ushbu shaxslar Oʻzbekiston fuqarolari olib chiqib ketilganidan soʻng, ehtimol, pullik asosda evakuatsiya qilinishi mumkinligi haqida tushuntirishlar bermoqda.

2. Ukrainadan Moldova orqali ham Vatanga qaytsa boʻladimi?

— Ukrainaning Moldova Respublikasi bilan chegaradosh joylarida yashovchi 200 ga yaqin fuqarolarimiz boshpana izlab Moldova hududiga oʻtgan. Moldova tomoni insonparvarlik nuqtayi nazaridan, fuqaroligidan qatʼi nazar, oʻz hududiga kirayotgan barcha shaxslarni tashish, joylashtirish, ovqatlantirish va boshqa zarur masalalarda koʻmak bermoqda.

Oʻzbekistonning Ukrainadagi Elchixonasi tomonidan Moldovada boʻlib turgan vatandoshlar masalalarini muvofiqlashtirish va hal qilish maqsadida koʻngillilar guruhi shakllantirildi. Moldovada boʻlib turgan oʻzbekistonliklarning keyinchalik oʻz Vataniga evakuatsiya qilinishini tashkil etish uchun ularning roʻyxati va maʼlumotlar bazasi shakllantirilmoqda.

Hozirgi paytda Polsha orqali evakuatsiya qilishning asosiy ustuvor ekanligini inobatga olgan holda, fuqarolarimizni Moldovadan qaytarish masalasi keyinroq ishlab chiqiladi. Bundan tashqari, mazkur mamlakat havo hududi aviaqatnovlar uchun yopiqligicha qolmoqda.

3. Ukrainadagi blokpostlardan oʻtishda muammolar bormi?
— 
Oʻzbekistonning Ukrainadagi Elchixonasi Lvov shahriga temir yoʻl transporti orqali borishni tavsiya qilmoqda. Zero hozirgi vaziyatda temir yoʻl eng xavfsiz transport boʻlib turibdi.
Shu bilan birga, avtomobillarda Ukraina blokpostlari orqali toʻsiqsiz ushbu mamlakat hududida chiqib ketayotgan fuqarolarimiz ham bor. Tabiiyki, harbiy harakatlar davom etayotgani tufayli barcha transport vositalari tekshirilmoqda. Tekshiruvlardan soʻng ular toʻsiqsiz oʻtkazib yuborilmoqda.

Ukraina — Polsha chegarasini kesib oʻtish chogʻida har ikki mamlakat chegarachilari birinchi navbatda ayollar va bolalarga ustuvorlik berishmoqda. Ukraina hududidan chiqib ketayotgan odamlar oqimi katta boʻlgani sababli chegarani kesib oʻtish uzoq vaqtga, baʼzida bir sutkagacha choʻzilib ketishi mumkin.
Hujjatlari boʻlmagan fuqarolardan esa hech boʻlmaganda shaxsini tasdiqlovchi hujjatning nusxasi yoki uning telefondagi rasmini koʻrsatish soʻralmoqda.

4. Xabarlarga koʻra, Kiyev shahrida haligacha evakuatsiya qilinmagan Oʻzbekiston fuqarolari bor ekan. Ularni olib chiqib ketish uchun qanday choralar koʻrilmoqda?
—
Kiyevda va Ukrainaning boshqa shaharlarida qolib ketgan fuqarolarimizni xavfsiz evakuatsiya qilish boʻyicha ishlar davom ettirilmoqda. Mamlakat poytaxtida diaspora vakillari Elchixona transportini jalb qilgan holda ayollar, bolalar va keksalarni Kiyev va uning atrofidagi hududlardan shahar temir yoʻl stansiyasiga yetkazmoqdalar.

5. Polsha aeroportlarida kutayotgan Oʻzbekiston fuqarolari orasida samolyotga chiqish uchun janjal va mojaro holatlari yuzaga kelgani haqida maʼlumotlar tarqalmoqda. Bunga qanday izoh bera olasiz?
— «Karchova» nazorat-oʻtkazish punkti rahbariyati qochoqlar, jumladan boshqa davlatlar fuqarolari soni koʻpayganligi sababli toʻplanish nuqtasini bosqichma-bosqich boʻshatishni soʻramoqda. Bu soʻrovlarni inobatga olib, kuniga 3 marotabagacha tashkil etilayotgan maxsus reyslarni oʻz vaqtida toʻldirish uchun Oʻzbekiston fuqarolari muntazam ravishda avtobuslarda Katovitse aeroportiga (360 km) olib borilmoqda. Shu sababdan hamda ushbu aeroportdan boshqa davlatlar fuqarolari ham foydalanayotgani natijasida odamlarning toʻplanishi kuzatilmoqda.

Elchixona iltimosiga binoan shahar maʼmuriyati Katovitse aeroporti binosiga tartibli oʻtish va yoʻlovchilarni roʻyxatga olishni tashkil qildi. Tartibni politsiya nazorat qilmoqda.
Biroq, subyektiv omil ham mavjud. Har bir inson birinchi boʻlib uchib ketishni xohlayotganligi tufayli tartibsizliklar kuzatilmoqda.
Shu bilan birga, mamlakatimizning Polshadagi Elchixonasi iltimosiga binoan faqat Oʻzbekiston fuqarolari uchun aeroportda issiq ovqat tashkil etilgan.

6. Homilador ayollar Polsha hududiga oʻtganda tugʻruq boshlansa, nima qilish kerak?
—
Polshadagi Elchixona xodimlari fuqarolarimiz bilan bogʻliq masalalar bilan shugʻullanmoqda, ularni aeroportda yigʻish va samolyotga chiqishini nazorat qilmoqda.
Elchixona soʻroviga koʻra yurtdoshlarimizga zarurat tugʻilganda yordam koʻrsatish uchun aeroport yaqinida doimiy ravishda 3 ta tez tibbiy yordam mashinasi navbatchilikni amalga oshirmoqda. Aeroport rahbariyati tomonidan bolali onalarning dam olishi uchun maxsus qulayliklar ajratilgan.
28-fevral kuni homilador ayolga tibbiy yordam koʻrsatishga toʻgʻri kelib qoldi. U zudlik bilan tez yordam mashinasida shahar shifoxonasiga yetkazilib, sifatli tibbiy yordam koʻrsatildi. Shundan soʻng hamyurtimiz avtomashinada aeroportga — toʻgʻridan-toʻgʻri samolyot bortiga yetkazildi va eson-omon Toshkentga uchib keldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер