Kichik bir kutubxonaning chinakam moʻjizasi yoxud kitobxon oilaning ilm-u maʼrifatli bolalari

13:05 29 Yanvar 2025 Jamiyat
355 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Rishton tumanida Abdurahmonovlar sulolasi ilm-u maʼrifatli, ziyoli oila sifatida tanilgan. Boisi oilaning yangi avlod vakillari keyingi yillarda dunyoning turli nufuzli oliy taʼlim muassasalarida oʻqib, oʻz sohasi boʻyicha samarali faoliyat koʻrsatmoqda.

Tursunxoʻja Abdurahmonov mehnat faoliyati davomida tumandagi maktabda oʻqituvchilik qilib, mumtoz va zamonaviy adabiyotimiz shaydosi sifatida oʻz xonadonida kutubxona tashkil etdi. Kutubxonada oʻzbek va jahon adabiyotining 2 mingdan ziyod nodir durdonalari, qadimiy qoʻlyozmalar, yangi kitoblar jamlangan. Oilaning har bir aʼzosi qaysi kasb yoki sohani tanlamasin, albatta, badiiy adabiyot oʻqiydi, mutolaa madaniyatini oʻrganadi.

Fayzli va orasta xonadonga tashrif buyursangiz, ostonadayoq moʻjazgina kutubxona va unda toʻplangan kitoblar huzuringizga peshvoz chiqayotgandek boʻladi. Milliy qadriyatlarimizga xos tarzda qurilgan uylardagi bejirim kitob javonlarida terilgan maʼnaviy boyliklarimiz zavqingizni oshiradi.

— Xalqimizga kitobxonlik ota-bobolardan meros, — deydi oilaviy kutubxona tashabbuskori Tursunxoʻja Abdurahmonov. — Qarang, bobolarimiz hatto uy tomi shiferini ham oʻqilayotgan kitobga – kitobning ochilgan muqovasiga oʻxshatib qurganlari bejiz emas. Bolalikdan kitobga mehr qoʻyib ulgʻaygan oila farzandlari aslo kam boʻlmaydi.

Xususan, bizning oilada ham kitobxonlik muhiti taʼsiri tufayli farzandlar va nabiralarimiz yurtimizdagi hamda xorijdagi nufuzli oliy oʻquv yurtlarini aʼlo baholarga bitirishdi, hozirgi kunda ayrimlari tahsil olmoqda.

Oilaning toʻngʻich farzandi – Muhsinxoʻja Toshkent davlat universitetining xalqaro munosabatlar fakultetini tugatib, Yaponiyada magistratura va doktoranturada oʻqidi. Ikkinchi oʻgʻil – Hamzaxoʻja Fargʻona davlat universitetining iqtisodiyot fakultetini bitirib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi aspiranturasida oʻqidi va nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. U grant asosida Ispaniya davlatida uch yil malaka oshirib, yana yurtimizga kelib nufuzli vazifalarda ishlamoqda. Yahyoxoʻja Toshkentdagi Al-Buxoriy nomidagi oliy mahadni tugatib, Toshkent islom universiteti magistraturasida tahsil oldi. Oilaning erkatoy qizi – Badalposhsho Fargʻona davlat universiteti ingliz tili fakultetini bitirib, Buyuk Britaniyada malaka oshirib keldi.

Quvonarlisi, oiladagi kitobxonlik madaniyati, moʻjazgina kutubxona nabiralarga ham oʻz taʼsirini koʻrsatdi. Nabiralar Gavharposhsho Toshkentdagi Vebster universitetining xalqaro munosabatlar fakultetini, Begimposhsho Toshkent davlat moliya institutining magistraturasini tugatgan boʻlishsa, Muazzamposhsho Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti magistraturasida oʻqimoqda. Nurullohxoʻja Toshkent tibbiyot akademiyasi talabasi, Azimxoʻja Fargʻona davlat universiteti xorijiy tillar fakulteti bitiruvchisi, Abrorxoʻja Fargʻonadagi Markaziy Osiyo xalqaro tibbiyot universiteti 3-kurs talabasi.

Muhayyirxoʻja Italiyaning Neapol universiteti tibbiyot fakultetini tamomlab, mikroxirurgiya (neyroxirurgiya) sohasida AQSHning Pensilvaniya tibbiyot universiteti mikroxirurgiya laboratoriyasiga postdoktoranturaga qabul qilindi. Ilmiy tadqiqotlarining yakuni arafasida Shveysariyadagi Jeneva universitetining tibbiyot fakulteti mikroxirurgiya laboratoriyasi doktoranturasida tarixda birinchi oʻzbekistonlik tadqiqotchi sifatida oʻqimoqda. U Finlyandiyaning Xelsinki shahrida oʻtkazilgan jahon mikroxirurglar anjumaniga taklif qilinib, oʻzbekistonlik yosh tadqiqotchi sifatida inson tanasidagi eng murakkab, yashirin tomirlar mavzusida maʼruza qildi. Muhayyirxoʻja dunyo mikroxirurglar hamjamiyati tomonidan tibbiyotning muhim yoʻnalishidagi yosh, istiqbolli tadqiqotchi deb eʼtirof etildi.

Tursunxoʻja aka bugungi kunda “Nuroniy” jamgʻarmasi Rishton tumani boʻlimi raisi, xalq deputatlari Fargʻona viloyati Kengashi deputati sifatida jamiyatimiz ravnaq-rivoji, barkamol avlod orzusi yoʻlidagi ezgu tashabbuslarda faollik koʻrsatib kelmoqda. Har kuni ishdan qaytgach, kutubxonada bir muddat mutolaa bilan band boʻladi. Nabira va chevaralari, qoʻshni bolalarni yoniga oʻtirgʻizib, mumtoz va zamonaviy adabiyot durdonalaridan oʻqib beradi. Kitob oʻqish istagidagi mahalladoshlari, tuman yoshlar, olimlar va tadqiqotchilarga mamnunlik bilan shaxsiy kutubxona fondidan foydalanishiga ruxsat beradi.

Bu bitta oiladagi kichik bir kutubxonaning chinakam moʻjizasi. Shunday kutubxonalar yurtimizdagi har bir oila, qoʻyingki, mahallada tashkil etilsa, uning samarasi nechogʻli yuksak boʻlishini tasavvur qilishning oʻzi quvonarli. Ezgu maqsadlarimiz toʻliq ijobat boʻlishi uchun esa bizga Tursunxoʻja Abdurahmonov singari fidoyi maʼrifatparvar ziyolilar kerak.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер