Kibermakondagi jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
Foto: «Xalq so‘zi»
Joriy yilning 24 oktyabr kuni Oliy Majlis Senati Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda Qo‘mita a’zolari, tegishli davlat organlari va tashkilotlar mas’ullari, ekspertlar va OAV vakillari ishtirok etdi.
Qo‘mita majlisida Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisi kun tartibi doirasida ko‘rib chiqiladigan masalalar muhokama qilindi.
Senatorlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-prosessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.
Ma’lumki, keyingi paytlarda Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda bir qator shaxslarning mobil qurilmalarini hamda ijtimoiy tarmoq va messenjerlardagi akkaunt yoki kanallarini zararli dastur yuborish yo‘li bilan bloklab (to‘sib) qo‘yish, ma’lumotlarini o‘chirib yuborish, o‘zgartirish yoki olib qo‘yish bilan qo‘rqitib, pul yoki boshqa moddiy manfaatdorlik talab qilish holatlari ro‘y bermoqda.
Kibermakonda shaxslarning fotosurati, ovozi va boshqa biometrik ma’lumotlarini maxsus dasturlar yordamida soxtalashtirish holatlari ham uchrab turibdi.
Sodir etilgan bunday huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Shu bilan birga, kripto-aktivlarni noqonuniy aylanmasi, xususan noqonuniy mayning faoliyati uchun Jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarda javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.
Senatorlar qonun qabul qilingandan so‘ng Ichki ishlar vazirligi mas’ullari joylarda aholi, jamoatchilik uchun targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirishi lozimligiga e’tibor qaratdi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring