Xotin-qizlarga eʼtibor hamma vaqt barcha saʼy-harakatlarimiz markazida boʻladi
Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini taʼminlash, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sanaladi. Keyingi toʻrt yilda Prezidentimiz rahbarligida bu borada izchil islohotlar amalga oshirildi.
Binobarin, jamiyatda siyosiy ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligi va taraqqiyoti ayollarga, yoshlarga boʻlgan munosabat va eʼtiborga bogʻlik. Mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi oʻrni, ijtimoiy hayotdagi roli muhim ahamiyatga egaligi sababli ularning mavqei har jihatdan yuqori baholanmoqda.
Coʻnggi yillarda yurtimizda ayollarga boʻlgan eʼtibor yana-da kuchayib, xotin-qizlar masalalari boʻyicha har bir mahallada alohida rais oʻrinbosari, tumanda – mahalla va oila boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari va 2 nafar mutaxassisi, viloyatda esa 8 nafargacha shtat birligi berildi.
Lekin shunga qaramay bu borada qilinishi lozim boʻlgan ishlar ham talaygina. Asosiy muammo ishsiz yoshlar, xotin-qizlarni aniqlash, ularga zamonaviy kasb-hunarlarni oʻrgatish va bandligini taʼminlashdir. Boisi joylardagi uchrashuvlarimiz davomida aksariyat shu yoʻnalishdagi muammolarga koʻproq duch kelyapmiz va imkon qadar ularga yechim topishga harakat qilyapmiz. Agar biz ularga munosib ish topishiga koʻmaklashsak, oʻz-oʻzidan ijtimoiy va iqtisodiy muammolar ham bartaraf etiladi.
Joriy yilning 8-oktyabr kuni Prezidentimiz raisligida xotin-qizlar va yoshlar masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ham bu ikki yoʻnalishning dolzarb masallarini bartaraf etishda bir kuch boʻlib, tizimli ish tashkil qilish zarurligi taʼkidlandi.
Shu oʻrinda eʼtiboringizni bir muhim sanaga qaratishni istardim. Butun jahon boʻyicha qizlarning kamsitilishi, ularning ijtimoiy muammolariga eʼtibor qaratish maqsadida bundan 9 yil muqaddam Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasida butun dunyoda 11-oktyabr sanasini “Xalqaro qizlar kuni” sifatida nishonlashga asos solindi. Mazkur sana har yili anʼanaviy tarzda Andijon viloyatida ham oʻzgacha shukuh bilan nishonlanib kelinmoqda.
Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov bilan birgalikda ayni sana munosabati bilan viloyatdagi oliy taʼlim muassasalariga davlat granti asosida oʻqishga qabul qilingan qizlar bilan boʻlgan samimiy suhbatimiz ularning orzu va maqsadlariga hamohanglikni oʻzida ifoda etdi.
Uchrashuv davomida ular bilan suhbatlashib, fikrlari uygʻoq, dunyoqarashlari keng, bilimga chanqoq ekanliklarini his qildik. Qiziqishlari oʻqib-oʻrganishlari bilan chambarchas bogʻliqligi, innovatsion texnologiyalarga intilishlari, zamon bilan hamnafasliklaridan quvondik. Axir ular kelajak tarbiyachilari, millat tarbiyachilari!
Joriy yilda viloyatdagi mavjud oliy taʼlim dargohlariga avvalgi yillarga nisbatan koʻproq xotin-qizlar davlat granti asosida oʻqishga qabul qilingani, Prezidentimiz tomonidan ayollarga koʻrsatilayotgan yuksak eʼtiborning yorqin namunasidir. Endilikda ular ham oʻzlarining intellektual salohiyati, chuqur bilimi va izlanishlari bilan ilm-fan rivojiga munosib hissa qoʻshadi.
Xulosa qilib aytganda, ishsiz yoshlar, xotin-qizlarda motivatsiya uygʻotib, ishsiz ayollarning manzilli roʻyxatlarini shakllantirish va bandligini taʼminlash — bugungi kunning eng muhim talabi. Shunday ekan, yoshlar va xotin-qizlarmizga eʼtibor hamma vaqt barcha saʼy-harakatlarimiz markazida boʻladi.
Odinaxon OTAXONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring