Xorijiy tillarni oʻqitishga ixtisoslashtirilgan OTMlariga qabul parametrlari 2 baravarga, davlat granti 3 baravarga oshiriladi

14:17 20 May 2021 Jamiyat
1141 0

“Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qaroriga koʻra, 2021/2022 oʻquv yilidan:

taʼlim muassasalarining kamida S1 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga ega xorijiy tillar oʻqituvchilariga ularning bazaviy tarif stavkasiga nisbatan har oylik 50 foiz miqdorida qoʻshimcha ustama haqi toʻlab boriladi.

umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan barcha xorijiy tillar oʻqituvchilariga zamonaviy adabiyot, darslik va oʻquv qoʻllanmalarini sotib olishi uchun 1 mln soʻmdan mablagʻlar ajratiladi.

2021/2022 oʻquv yilida xorijiy tillarni oʻqitishga ixtisoslashtirilgan OTMlariga qabul parametrlari ikki baravarga, davlat granti asosida qabul koʻrsatkichlari esa uch baravarga oshiriladi.

2022/2023 oʻquv yilidan:

xorijiy tillarni oʻqitishga ixtisoslashgan OTM bitiruvchilari tomonidan davlat attestatsiya imtihonlarini topshirish bilan bir qatorda milliy yoki unga tenglashtirilgan boshqa yetakchi xalqaro baholash tizimlari orqali ularning bilimlari darajasini aniqlash amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi;

OTMlarning magistratura mutaxassisliklariga hamda oliy taʼlimdan keyingi taʼlim ixtisosliklariga tanlovlarda milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega shaxslar ishtirok etishi tartibi joriy etiladi.

2021-yil 1-iyuldan davlat organlarida taʼlim tashkilotlari oʻqituvchilarini shartnoma asosida jalb qilib, haftada kamida bir marotaba xodimlarni xorijiy tilga oʻqitish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

2022-yil 1-yanvardan xorijiy tillardan milliy va xalqaro sertifikatga ega davlat boshqaruv idoralarining barcha boʻgʻinlari xodimlariga lavozim maoshiga nisbatan 20 foizgacha qoʻshimcha ustama toʻlanadi.

2022-yildan davlat organlariga ishga qabul qilish va yuqori lavozimga tayinlash uchun xorijiy tilni bilish talabgorga qoʻyiladigan majburiy malakaviy koʻnikma sifatida belgilanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер