Xorijdan bir oy oldin qaytganlar ham karantinga olinadimi?

08:30 01 Aprel 2020 Jamiyat
1295 0

“Bunday vaziyatda, yaʼni fuqaro xorijdan bir oy avval kelsa-yu, u faqatgina bugun yoki bir necha kun avval karantinga olingan boʻlsa, bu notoʻgʻri. Agar qaysidir odam koronavirus infeksiyasi boʻyicha epidemik jihatdan noxush vaziyat boʻlgan mamlakatdan qaytgan boʻlsa,kelgan kunidan boshlab 14 kunlik izolyatsiyaga olinadi.

Agar u koronavirus infeksiyani yuqtirgan bemor bilan muloqotda boʻlgan boʻlsa, muloqotda boʻlgan kunidan boshlab 14 kun davomida karantinda saqlanadi. Agar mazkur shaxs bir oy oldin xorijdan qaytgan boʻlsa, uni karantinga olish mumkin emas”, dedi Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov AOKA huzuridagi shtabda boʻlib oʻtgan brifingda.

Nurmat Otabekovning taʼkidlashicha, birinchi guruh karantin uchun joylashtirilgan hududdagilar 14 kunlik muddatni oʻtab boʻlmagunicha ularning orasiga yangi odamlar qoʻshilmaydi.

“Oʻzbekiston Respublikasida qoʻllanayotgan amaliyotga muvofiq, bir guruh aholi, deylik, charter reysda olib kelingan boʻlsa, ular uchun karantin muddati bir kunda boshlanib, bir kunda yakunlanadi. Statsionar sharoitda shifoxona, sihatgoh, oromgoh, profilaktoriy va boshqa muassasalarda epidemik noxush hududlardan uyushgan holda olib kelinib, karantinga olinganlar orasiga yangi odamlar qoʻshilmaydi. Bu karantin talablarini buzish hisoblanadi.

Shunday ekan, karantinda saqlanayotganlar orasiga yangilari qoʻshilaversa, eng avval izolyatsiyaga olinganlarning karantin davri choʻzilib ketishi haqidagi xavotirlarga hojat yoʻq. Uyushgan holda olib kelingan aholi birgalikda karantin muddatini oʻtab, salomatligiga kafolat hosil qilgandan keyin ularga birgalikda javob beriladi.

14 kunlik muddat yakunlanib, odamlarga javob berilgandan keyin ular karantinda saqlangan muassasalarda dezinfeksion vositalar bilan ishlov beriladi, yaxshilab tozalanadi va shundan keyin bu yerga boshqa guruh joylashtirilishi mumkin boʻladi”, deydi Otabekov.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер