Xorazmning kunchiqar darvozasi
Xorazmda quyosh Tuproqqalʼada uygʻonadi. Vohaning kunchiqar darvozasi boʻlgan bu hududga bahor sepini birmuncha vaqtliroq yoyadi, kuzda dalalarda hosil ham erta pishib yetiladi.Sahro bagʻridagi bu moʻjaz hududda oʻtgan asrning saksoninchi yillarida yangi yerlar oʻzlashtirilib dehqonchilik qilina boshlagan edi. Biroq keyinchalik viloyat markazidan 200 kilometr uzoqlikda joylashgan bu hudud eʼtibordan chetda qolib ketdi. Tuproqqalʼaliklar savdo-sotiq, tibbiy xizmat va boshqa yumushlar bilan boradigan eng yaqin maskan Pitnak shahri boʻlsa, maʼmuriy idoralar bilan bogʻliq ishlarda uzoq yoʻl bosib Hazorasp tumani markaziga qatnar edilar. Tuproqqalʼa maskani va Pitnak shahri aholisi tuman markazidan uzoqligi tufayli koʻp yillardan buyon qiynalib kelar, fuqarolar murojaatlarida koʻtarilayotgan muammolarning aksariyati aynan shu masala bilan bogʻliq edi.

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 12-13-mart kunlari Xorazmga tashrifi chogʻida viloyatning juda katta agrar va sanoat ishlab chiqarish imkoniyatlariga ega hududida Tuproqqalʼa tumanini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. Oliy Majlis Senatining uchinchi yalpi majlisida senatorlar Xorazm viloyati tarkibida Tuproqqalʼa tumanini tashkil etish hamda Hazorasp tumani chegarasini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqib, bu taklifni yakdillik bilan maʼqulladilar. 2020-yil 11-aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xorazm viloyati tarkibida Tuproqqalʼa tumanini tashkil etish bilan bogʻliq tashkiliy masalalarni hal etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Yangi tashkil qilingan Tuproqqalʼa tumani ixtiyorida 192 ming gektar yer maydoni boʻlib, aholisi 54 ming 248 nafar kishini tashkil qiladi. Oʻtgan asrning 70 yillarida Tuyamoʻyin suv ombori qurilishi munosabati bilan unga yondosh hududda barpo etilgan Pitnak shahri ham Tuproqqalʼa tumani tarkibiga kiradi. Amudaryo boʻyida suvchilar shahri sifatida qad rostlagan ushbu kent bugun oʻzining avtomobil sanoati bilan mashhur.
Tuproqqalʼada tumanni tashkil etish bilan bogʻliq tashkiliy-texnik tadbirlar yakuniga yetib, ishchi guruh tomonidan tuman iqtisodiyotini rivojlantirishda asosiy oʻrin tutuvchi qiymati 1 trillion 230 milliard soʻmlik 85 ta loyiha maʼqullandi. Ushbu loyihalarda eng chekka hudud hisoblangan Tuproqqalʼa maskanida 3 ming bosh qoramolga moʻljallangan chorvachilik, 300 ming bosh joʻja boqish uchun parrandachilik majmualarini, 300 gektar maydonda zamonaviy issiqxona barpo etish, 300 gektar koʻlda intensiv usulda baliq yetishtirishni yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilgan. Prezidentimiz qarorida “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasi uchun belgilangan imtiyoz va preferensiyalar tumanning butun hududida amal qilishi belgilangan boʻlib, bu xorijiy va mahalliy investitsiyalarning kirib kelishida muhim omil boʻladi.
Taʼkidlash joiz, “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasida tashkil etilgan korxonalarning aksariyati Tuproqqalʼa tumani hududida faoliyat koʻrsatadi. Bugungi kunda “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasida umumiy qiymati 306,3 million dollarlik 19 ta loyiha boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Oʻtgan davr mobaynida 15 ta loyiha toʻliq ishga tushirildi va natijada sendvich panellar, yuvish vositalari, avtomobil radiatorlari, temirdan qurilish materiallari, tayyor trikotaj mahsulotlari, quyosh isitgichlari, bir martalik sterillangan tibbiyot qoʻlqoplari va oyoq kiyimlari ishlab chiqarilmoqda.
— Tuproqqalʼa tumanining tashkil etilishi eng chekka Tuproqqalʼa, Sarimoy qishloqlari va Pitnak shahri aholisi uchun qator qulayliklar yaratdi, — deydi Xalq deputatlari Tuproqqalʼa tuman kengashi deputati Erkin Iskandarov. — Chunki, xizmat va shaxsiy yumushlar bilan Hazorasp tumani markaziga qatnash ushbu hududlar aholisi uchun muayyan qiyinchiliklar tugʻdirsa, qishloqlarning joʻgʻrofiy joylashuvi davlat va xoʻjalik tashkilotlari uchun ish yuritishda ortiqcha sarf-xarajatlarga olib kelayotgan edi.Yangi tuman tashkil etilishi bu minglab yangi ish oʻrinlari, qurilishlar, zamonaviy ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish obyektlari demakdir. Bugungi kunda tumanimizda minglab mehnatga layoqatli fuqarolarimiz xorijda ishlayapti. Endilikda yangi ish oʻrinlari hisobiga ana shu mehnat migrantlarini doimiy ish bilan taʼminlash imkoniyati yaratiladi.
— Tuproqqalʼaga 1985-yilda, choʻl bagʻrida yangi yerlar oʻzlashtirilib ilk davlat xoʻjaliklari tashkil etilgan davrda birinchilardan boʻlib koʻchib kelgandim, — deydi mehnat faxriysi Olimboy Sobirov. — Keyingi oʻn yilliklarda Tuproqqalʼa eʼtibordan chetda qolib ketgani, mahalliy rahbarlar bu hududga oʻgay koʻz bilan qaragani ham bor gap. Biz ham mahallalarimiz obod, yoʻllarimiz ravon boʻlishini, farzandlarimiz bekamu koʻst sharoitlarda oʻsib ulgʻayishini xohlaymiz. Shukrki, davlatimiz rahbarining eʼtibori bilan koʻp yillik orzu umidlarimiz roʻyobga chiqyapti.Aslida Tuproqqalʼa – sahro bagʻrida yashiringan xazina. U oʻziga mehr bergan insondan saxovatini ayamaydi.
Tuproqqalʼada sanoat va qishloq xoʻjaligi bilan bir qatorda turizmni rivojlantirish imkoniyatlari ham juda katta. Tuman hududida Uch oʻchoq, Meshikliqalʼa, Sartaroshqalʼa, Tuproqqalʼa, Karvonsaroy, Xumbuztepa kabi uch ming yillik tarixga ega meʼmoriy obidalar bor. Shu bir bilan bir qatorda Amudaryo boʻylari va sahro kengliklarining betakror manzaralari ekologik hamda ekstremal turizm ishqibozlari uchun ajoyib sarguzashtlar, unutilmas taassurotlar tuhfa etadi.
Ayni kunda Tuproqqalʼa tumani markazining 2035-yilgacha boʻlgan bosh rejasini ishlab chiqilib, shu asosda hududda ulkan bunyodkorlik ishlari boshlangan. Xorazmning eng kenja tumani yaqin yillarda vohadagi obod va koʻrkam, ilm fan va raqamli iqtisodiyot rivojlangan hududga aylanadi.Tuproqqalʼaliklarning bugungi azmu shijoati, boshlangan ishlar koʻlami shundan darak berib turibdi.
Odilbek Odamboyev,
(“Xalq soʻzi”)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring