Xorazmdagi Navroʻz sayillarida minglab sayyohlar ishtirok etmoqda
Foto: Xalq so‘zi
Goʻzal milliy anʼanalarimiz, urf-odatlarimiz va qadriyatlarimizni oʻzida mujassam etgan Navroʻz umumxalq bayrami Xorazmda ham keng nishonlanmoqda. Bayram kunlarida barcha shahar va tumanlarda xalq sayillari tashkil etilib, mehr-muruvvat tadbirlari oʻtkazilmoqda.

Aytish kerakki, bu yil ham viloyatda yasharish va yangilanish ayyomi – Navroʻzi olamni koʻtarinki kayfiyatda kutib olish va yuksak darajada oʻtkazishga qizgʻin taraddud koʻrildi. Bayram oldidan mahallalarda obodonlashtirish ishlari olib borildi, mevali va manzarali daraxt koʻchatlari oʻtqazildi. Ehtiyojmand oilalar, nogiron va yakka yolgʻiz qariyalar holidan xabar olinib, moddiy yordam koʻrsatildi. Navroʻz kunlari viloyatda oʻnlab yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirildi, madaniy-maishiy obyektlar foydalanishga topshirildi.

Urganch shahridagi «Avesto» bogʻ majmuasida oʻtkazilgan xalq saylida folklor-etnografik jamoalarning chiqishlari, milliy sport oʻyinlari, dorbozlar tomoshalari barchaga koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi.Tadbirkor va hunarmandlar tomonidan tashkil qilingan koʻrgazmalar, bahoriy taomlar tanlovlari bayram shukuhini yanada oshirdi.
Navroʻz shodiyonalari, ayniqsa, xorijlik va mahalliy sayyohlarda juda katta taassurot qoldirmoqda. Bayram munosabati bilan qoʻshimcha dam olish kunlarining berilishi tufayli boshqa viloyatlardan tashrif buyurgan minglab yurtdoshlarimiz ham Xorazmdagi Navroʻz sayillarida ishtirok etmoqdalar.
— Ichki turizmni rivojlantirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar tufayli yurtimizdagi tarixiy shaharlarni tomosha qilish, muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish imkoniyatiga ega boʻldik, — deydi qashqadaryolik Baxtiyor Maqsadov. — Oʻtgan yil Navroʻz kunlari Samarqand shahriga sayohat qilgandik, bu yil oilamiz bilan Xivaga keldik. Shaharning tarixiy obidalari, muzey eksponatlari bilan tanishish barobarida bayram tadbirlarida ham ishtirok etyapmiz. Taassurotlarimiz bir olam. Ilohim yurtimiz tinch, har kunimiz Navroʻz boʻlsin!
Odilbek ODAMBOYEV, «Xalq soʻzi».
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring