Xorazmda yoshlar yetakchilariga elektroskuter topshirildi
Foto: Xalq so‘zi
Bugungi kunda Xorazm viloyatidagi 531 ta mahallada yoshlar yetakchilari samarali faoliyat olib bormoqda. 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar balansini shakllantirish, ularning bilim olish va kasb-hunar egallashlari, isteʼdod va qobiliyatlarini yuzaga chiqarishlari, bandligini taʼminlashga koʻmaklashish yetakchilar faoliyatining asosiy yoʻnalishlari hisoblanadi.
Yoshlar yetakchilari uchun zarur sharoitlar yaratish mahalliy hokimliklarning doimiy eʼtiborida. Shu maqsadda mahalla idoralarida ular uchun alohida xonalar ajratilib, zarur ofis jihozlari, planshetlar bilan taʼminlandi. Viloyat hokimligi tashabbusi bilan yoshlar yetakchilari uchun yana bir qulaylik yaratildi. Viloyatdagi barcha yoshlar yetakchilari namunaviy ish kiyimi va xizmat sumkasi, mahallasi qamrovi katta boʻlgan yetakchilarga esa elektroskuterlar topshirildi.

Shu munosabat bilan Urganch shahridagi Yoshlar markazida oʻtkazilgan tadbirda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Joʻrabek Raximov ishtirok etib, yoshlar yetakchilari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari bundan keyin ham davom etishini alohida taʼkidladi.
— Mahallada har kuni «Yoshlarning boʻsh vaqti – yetakchining ish vaqti» tamoyili asosida sport musobaqalarini, Besh muhim tashabbus loyihalarini amalga oshirib kelyapmiz, — deydi Urganch tumanidagi «Turkmanlar» MFY yoshlar yetakchisi Radxa Xudayberganova. — «Yoshlar daftari»dagi tengdoshlarimizning bandligini taʼminlash, tadbirkorlikka yoʻnaltirish boʻyicha ham qisqa vaqt ichida yaxshi natijalarga erishdik. Yetakchilarga maxsus ish kiyimlari va elektroskuterlar topshirilishi faoliyatimiz samaradorligini yanada oshirishda qulaylik yaratadi.
Odilbek ODAMBOYEV, «Xalq soʻzi».
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring