Xorazmda hududiy sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi ish boshladi
Urganch shahridagi Olimpiya zahiralari kolleji hududida Xorazm viloyati hokimligi, Savdo-sanoat palatasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamkorligida hududiy sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi oʻz ishini boshladi.
Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va kichik biznesni rivojlantirish, mahalliy mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish maqsadida har yili anʼanaviy tarzda oʻtkazilib kelinayotgan ushbu yarmarkada viloyatimizda faoliyat koʻrsatayotgan 150 ta hamda Respublikamizning boshqa hududlaridagi 130 ta ishlab chiqaruvchi korxonalar oʻzlarining mahsulot namunalari bilan ishtirok etmoqdalar.
Ishtirokchilar oʻzlari ishlab chiqarayotgan yoki ishlab chiqarish rejalashtirilayotgan, sanoat kooperatsiyasi orqali mahalliylashtirishga taklif qilinayotgan mahsulot turlari bilan qatnashmoqda. Barcha viloyatlar oʻzlarida mavjud boʻlgan, biroq hali talab darajasida foydalanilmayotgan iqtisodiy, moliyaviy, mehnat resurslarini va istiqbolli loyihalarni taklif etmoqda.
Yarmarkada Xorazm viloyatida ishlab chiqarilayotgan suv tozalash uskunalari, maishiy gaz ballonlar, yengil avtomobillar uchun ehtiyot qismlar, quyosh batareyalari, quyosh kollektorlari, har xil turdagi LED lampalar, sport inventarlari, qurilish va farmatsevtika mahsulotlari koʻpchilikda katta qiziqish uygʻotdi. Yarmarka doirasida ishlab chiqarilishi moʻljallanayotgan yangi turdagi sanoat mahsulotlarining taqdimotlari oʻtkazildi.
Hududiy sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasining ochilish marosimida Xorazm viloyati hokimi F.Ermanov soʻzga chiqdi.
Odilbek Odamboyev,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring