Xorazmda bolalar ijodi va iqtidorini rivojlantirish inklyuziv markazi ochildi

06:14 20 Mart 2025 Jamiyat
242 0

Odilbek ODAMBOYEV/“Xalq soʻzi”. Mamlakatimizda nogironligi boʻlgan shaxslarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishga alohida qaratilmoqda. Jismoniy imkoniyati cheklangan bolalar taʼlim olishi, iqtidori va qobiliyatini yuzaga chiqarishi uchun teng sharoitlar yaratilyapti. Navroʻz bayrami arafasida Xorazm viloyatining Urganch tumanida ish boshlagan bolalar ijodi va iqtidorini rivojlantirish inklyuziv markazi bu yoʻnalishdagi yana bir xayrli qadam boʻldi.

— Davlatimiz rahbari oʻtgan yilning 29-fevral – 1-mart kunlari viloyatimizga tashrifi chogʻida “Bolalar ijodi va iqtidorini rivojlantirish inklyuziv markazi” faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha topshiriq bergan edi, — deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Xorazm viloyati boshqarmasi boshligʻi Sherzod Berdiyev. — Mazkur topshiriq ijrosi boʻyicha inklyuziv markaz tashkil qilish uchun qulay lokatsiyada joylashgan ushbu binoni tanlab oldik va 2,6 mlrd soʻm mablagʻ evaziga bino qayta rekonstruksiya qilinib, toʻliq jihozlandi. Bino jismoniy imkoniyati cheklangan bolalarning erkin harakatlanishi uchun moslashtirildi, zamonaviy moddiy-texnika bazasi bilan taʼminlandi. Endilikda ushbu markazda Urganch shahri va Urganch tumanidan nogironligi boʻlgan 300 nafarga yaqin oʻgʻil-qizlar 12 turdagi toʻgarak va xizmatlar bilan qamrab olinadi, mutaxassislar ularning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish, iqtidorlarini yuzaga chiqarishga koʻmaklashadi. Markazda IT, ingliz tili, rassomchilik kabi toʻgaraklar hamda psixologik va defektologiya xizmatlari yoʻlga qoʻyiladi.

Inklyuziv markazning ochilish tadbirida viloyat hokimi Joʻrabek Rahimov, Ijtimoiy himoya milliy agentligi masʼullari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер