Xorazm maqomlari — xalqimiz madaniy merosining noyob namunasi

14:40 17 Oktyabr 2022 Jamiyat
1258 0

Foto: Xorazm viloyati hokimligi matbuot xizmati

Urganch shahrida II xalqaro maqom sanʼati anjumaniga tayyorgarlik doirasida Xorazm maqomlari boʻyicha respublika saralash bosqichi oʻtkazildi. Unda yurtimizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan maqom ansambllari hamda yakkaxon ijrochilar ishtirok etdi. Tanlov davomida ijro etilgan Xorazm maqomlarining eng sara namunalari hakamlar hayʼati tomonidan xolisona baholab borildi.

Xorazm viloyat musiqali drama teatri binosida oʻtkazilgan taqdirlash marosimida viloyat hokimi Farxod Ermanov, Oʻzbekiston milliy media assotsiatsiyasi raisi Sherzodxon Qudratxoʻja soʻzga chiqib, xalqimiz nomoddiy madaniy merosining noyob durdonasi boʻlgan maqom sanʼatini rivojlantirish va kelgusi avlodlarga yetkazish borasida qilinayotgan ishlarga toʻxtaldilar. Koʻrik-tanlov gʻoliblari tashkilotchilar tomonidan esdalik sovgʻalari, pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

— Xorazm olti yarim maqomi xalqimiz nomoddiy madaniy merosining noyob namunasi boʻlib, uning chertim va aytim yoʻllari ijrochidan yuksak bilim va mahorat, kuchli va baland ovoz, gʻoyat katta masʼuliyat talab etadi, — deydi tanlov hakamlar hayʼati raisi, Oʻzbekiston xalq hofizi Farhod Davlatov. — Hojixon Boltayev, Madrahim Sheroziy, Komiljon Otaniyozov, Roʻzmat Jumaniyozov, Nazira Yusupova singari atoqli sanʼatkorlar oʻz ijodlarida maqom janriga keng murojaat qilib, umrboqiy asarlar yaratdilar. Mazkur tanlovda xalqimiz nomoddiy madaniy merosining noyob namunasi boʻlgan maqomlarni yangi ijrochilar talqinida tinglab, maqom ohanglari, maqom ruhi va falsafasi kelgusi avlodlarga bezavol yetib borishiga amin boʻldik.

Odilbek Odamboyev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер