Xonadon sohibi va usta mojarosi
Illyustrativ foto
Qanday yaxshi! Uying har tomonlama qulayliklarga ega boʻlsa! Buning ustiga oʻtirgan joyingda hamma jihozlarni boshqara olsang. Nimaniki xohlasang pultning bittagina tugmasi bilan bajarsang.
Orzuga ayb yoʻq, deyishadi. Samarqand shahrida yashovchi S.N. ham zamonaviy qulayliklarga ega boʻlgan uyda yashashni niyat qilib mablagʻ jamgʻara boshladi. Hisob-kitoblari boʻyicha taʼmirlash ishlari uchun yetadigan mablagʻ tejaldi. Endi navbat arzon va sifatli ishlaydigan “qoʻli gul” ustani topishda. U yer, bu yerlarda, gap-gashtaklarda uyini taʼmirlatishini, yaxshi usta izlayotganligini gap orasida qistirib oʻtdi. Nihoyat, “arzon va sifatli ishlaydigan “qoʻli gul” ustaning oʻzi eshigini qoqib keldi. Hammasi yaxshi, hammasi joyida, faqatgina taʼmirni yakunlash uchun sanitariya texnigi kerak. Bu borada “qoʻli gul” usta xonadon sohibining joniga oro kirdi. Sanitariya jihozlarini oʻrnatuvchi doʻsti bor ekanligini bildirdi. Santexnik bilan oʻzaro narx borasidagi kelishuvdan soʻng qurilish mollari doʻkonidan mahsulotlarni olib kelish qoldi, xolos. Uy egasi mahsulotning sifati borasida tushunchaga ega emasligini aytib, santexnikning qoʻliga pul tutqazdi.
Taʼmirlash ishlari avjida, lekin olib kelingan qurilish mollarining sifatiga xonadon sohibi ikkilana boshladi. Qiziq, qurilish mollarining sifati borasida farqni bilmaydigan odamning ikkilanishiga eʼtibor qiling. Avvalo qurilish mollarining sifatiga tushunmaydigan inson endilikda sifat borasida ikkilanmoqda. Bu soʻzlarni bejizga yozayotganimiz yoʻq. Chunki xonadon sohibi va usta oʻrtasidagi mojaroga xuddi mana shu ikkilanish sabab boʻlgan. Yaʼni, buyurtmachining xonadoniga oʻrnatilgan sanitariya vositalarining sifatsizligidan noroziligi, taʼmirlovchining esa kafolat berishi.
Alamzada boʻlgan S.N. Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasiga murojaat qilishga majbur boʻlgan. Chunki S.N. oʻz arizasida 2250 (ikki ming ikki yuz ellik) AQSH dollari berganligini aytib oʻtsa, S.N.ning turmush oʻrtogʻi xarajatlar uchun jami boʻlib 2044 (ikki ming qirq toʻrt) AQSH dollari va 740 000 (yetti yuz qirq ming) soʻm berganligini koʻrsatib oʻtadi. Eʼtiboringizni uchinchi shaxsning tushuntirish xatiga qaratmoqchimiz. Unga qayd etilishicha, usta O.Q. 1300 (bir ming uch yuz) AQSH dollari olganligini tasdiqlaydi. Qiziq holat. Uch insonning tushuntirish xatida uch xil summa koʻrsatilgan. Kim haq, kim nohaq bu savol ochiqligicha qolaverdi.
Federatsiya xodimlari holatni aniq asoslar negizida oʻrganib chiqishdi. Nihoyat, masalaga oydinlik kiritildi. Usta O.Q. bajarilmay qolgan ishlar uchun uzoq savdolashishdan soʻng murojaatchi S.N.ga 500 (besh yuz) AQSH dollari qaytarib berdi. Shu bilan muammoga nuqta qoʻyildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring