“Xonadon daftari” qanday maqsadlarga xizmat qilmoqda?

20:16 17 Dekabr 2021 Jamiyat
870 0

Foto: "Xalq so'zi"

Qashqadaryo viloyatida Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan  aholiga parranda, quyon, echki, qoramol va asalari uyalarini tarqatish hamda daromadga yoʻnaltirish mavzuida “xonadonbay” tizimi asosida seminarlar tashkil etildi.

Chiroqchi, Yakkabogʻ va Qamashi tumanlaridagi xonadonlarda boʻlib oʻtgan seminarlarda aholi vakillariga chorvachilik tarmoqlarini davlat tomonidan yanada qoʻllab-quvvatlash, parrandachilikni rivojlantirish va tarmoq ozuqa bazasini mustahkamlash chora-tadbirlariga doir meʼyoriy-huquqiy hujjatlarda koʻzda tutilgan subsidiyalar ajratish, klaster va kooperatsiyalar tashkil etish haqida atroflicha tushunchalar berildi.

— Eng avvalo, aholiga tashkilotlar va fermer xoʻjaliklari orqali parranda, quyon, qoʻy, echki, qoramol va asalari uyalari yetkazib berib, keyin tayyor mahsulotni sotib oladigan klaster va kooperatsiyalarni ham tashkil etishimiz  lozim, — dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari, OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov. — Bu borada tuman hokimlarining  mahallalardagi yordamchilari boshchiligidagi ishchi guruhi tomonidan “Xonadon daftari” yuritish va unda amalga oshirilgan ishlar qayd etib borilishi kerak.

Yakkabogʻ tumanidagi Esat qishlogʻida yashovchi Rustam Qudratov hovlisida oʻtkazilgan shunday seminarda mazkur xonadondagi ibratli ishlar namuna sifatida namoyish etildi.

—10 sotix tomorqamda 40 boshdan ziyod qoʻchqorni boʻrdoqiga boqib, yaxshigina daromad olyapman, — deydi R. Qudratov. — Yaqinda 25 bosh qoʻchqorni poytaxtlik xaridorlarga sotdim. Xonadonimdagi maxsus kataklarda tovuq, kurka, oʻrdak, gʻoz va quyon parvarishlayapman. Chorva mollar holati boʻyicha maxsus daftar tutilgan boʻlib, veterinar unga kasalliklarga qarshi emlanganligini qayd etib boradi.

Viloyatdagi barcha tumanlarda “xonadonbay” tizimi asosida seminarlar davom etmoqda.

Faxriddin Bozorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер