Xom anorning “shira”si
Bugun kuni boʻyi Beeline uyali aloqa kompaniyasining internet xizmati yaxshi ishlamaganligi vajidan mening online tizimdagi ishlarim biroz toʻxtab qoldi hamda odatdagidan koʻra koʻproq boʻsh vaqtim ortib qolganligi tufayli, bundan taxminan yigirma yil muqaddam boʻlib oʻtgan va meni xar safar yilning mana shu pallasida, yaʼni avgust oyining bogʻimizdagi anorlar pishib yetilish arafasidagi soʻnggi kunlarida yodimga tushib, toʻlqinlantiradigan bir voqeani yozishga kirishdim.
Oʻshanda xam xuddi hozirgidek yozning oxirgi kunlari, anorlar dona-dona boʻlib yetilib qolgan, ammo nozik shoxlarda sal qolsa uzilib ketguday osilib turgan bu yirik mevalarga tabiat hali rang berib ulgurmagan, yaʼni ular batamom pishmagan, xalq tili bilan aytganda, hali tars yorilmagan damlar edi. Biz Bibinor momo degan onaxon bilan qoʻshni yashardik. Hovlilarimiz oʻrtasidagi suronli yillar mahv etgan pastak devorni hisobga olmaganda, bogʻlarimiz oʻzaro birlashib ketgan edi. Avgust oxirlarida tomorqamiz adogʻidagi bedapoyada beda oʻrayotgan edim. Shu payt qoʻshni bogʻdan gʻala-gʻovur ovozlar eshitildi. Anglashimcha, bu tovushlar Bibinor momoning nevaralari bilan suhbati edi. Keyinchalik bilishimcha, momoning shaharda “dom”da turadigan oʻgʻli butun oilasi bilan onasini koʻrgani kelgan ekan. Nevaralar shu tobda buvisidan anor qistashardi. Bolajonlar buvisining bogʻidagi quyosh nurlarida koʻzni qamashtirguday boʻlib yaltirab turgan anorlarga mahliyo boʻlishib, soʻlaklari oqishar, buvisiga qoʻyardan-qoʻymay anor deb xarxasha qilishardi. Buvisi ham ularni uzoq kuttirmadi va nevaralariga qarata: "Mayli, bolalarim, bitta kattasidan uzib olib, hammalaring boʻlishib jenglar!" — dedi. Qoʻlimdagi oʻrogʻim toʻxtab qoldi. Buvining gapidan ensam qotdi. Axir, anor hali pishmagan edi-da!
Bolalar esa bu orada anor daraxtining shoxlaridan bir dona anorni shosha-pisha uzib olgancha ortlaridan jilmayib qarab qolgan buvisini bogʻda qoldirib, qiy-chuv bilan uyga kirib ketishdi va hammayoq jim-jit boʻlib qoldi. Oradan chamasi besh daqiqaga yaqin vaqt oʻtib, bolalar kirib ketgan uylaridan chuvvos solib qaytib chiqishdi va tagʻin hali bogʻda kuymalanib yurgan buvisining yoniga yugurib kelishdi: "Buvi, bizni aldabsiz! Anor hali oppoq ekan, u qizarib pishmagan ekan"ku!" — deyishdi. Shunda Bibinor momo nevaralarining ham, nuragan devor ortida voqea rivojiga sinchkovligi oshib, qoʻshni buvining nima deyishiga qiziqib, quloqlarini ding qilib turgan kaminaning ham yodida butun umr qolgan va kelgusida farzandlarim uchun tarbiyaviy uslubimning markaziy gʻoyasini belgilab bergan quyidagi jumlalarni bayon etdi: "Bolalarim, men aytganim bilan ishonmas edingiz! Buvim bizdan bitta anorni qizgʻandi, deya oʻpkalar edingiz. Mana endi bundan keyin men qachon anor pishgan, uni uzib yeyishlaring mumkin desam, oʻshanda anor rostdan ham pishgan boʻladi va sizlar endi butun umr menga ishonasizlar!"
Men momoning taktikasiga qoyil qoldim. Chunki oʻn nafar momodan toʻqqiz nafari “Yoʻq, bolam, hali anor pishgani yoʻq”, desa kerak. Ehtimol, 100 nafardan toʻqson toʻqqiz nafari.
Men oʻsha voqeadan keyin farzandlarimga hyech qachon “Yoʻq!” degan soʻzni ishlatmadim. Faqat maslahatlar berdim, tushuntirdim. Ular amalga oshirmoqchi boʻlgan har bir harakatining yuzaga kelishi mumkin boʻlgan oqibatini izohladim. Yaʼni farzandlarimning bolaligida ularga ota boʻldim, oʻsmir yoshida esa ularga doʻst tutindim. Ulgʻaygach, hamfikr boʻldim. Natijada farzandlarim menga doimo sirdosh boʻldilar. Mendan oʻz ichki kechinmalarini aslo pinhon tutishmadi. Chunki ular menga zolim ota emas, ularni har qanday vaziyatda xam tushunadigan maslahatgoʻy deb qarashdi va bundan doim mamnun boʻlishdi. Men esa Bibinor momoday faylasuf inson bilan qoʻshni boʻlganligimdan mamnun edim.
Oʻtgan yili avgust oyida momoning bogʻidagi anor tagida sholcha ustida urchuq yigirayotganligiga koʻzim tushgandi. Shafqatsiz yillar momoning yelkalarini hayot zarbalari bilan bukib, yuzlariga ajin toʻrlarini solib tashlagan, boyaqish urchuqni haminqadar aylantirib, nelarnidir mingʻirlab, xirgoyi qilardi. Ehtimol, onaxon yana qaysidir hayot falsafasini oʻzicha qoʻshiq qilib kuylayotgan edi?! Qish oylariga kelib esa momoning dafn marosimida qatnashdim...
Hozir yana avgust pallasi. Bugun tomorqamizdagi bedazorda oʻgʻlim xafsala bilan beda oʻrmoqda. Uni kuzata turib beixtiyor qoʻshni bogʻga qarayman. Anor daraxti viqor bilan oʻzining shoxlarida lopillab osilib turgan anorlarini koʻz-koʻz qiladi. Daraxt tagidagi sholcha ustida eski urchuq yumalab yotar, bogʻaro daydib yurgan telba shamol esa goʻyo qilayotgan boshqa ishi yoʻqdek uni u yondan bu yonga tebratib oʻynar edi.
Anvar Xolmoʻminov,
Bibinor momoning qoʻshnisi.
Qashqadaryo viloyati, Koson tumani, Guvalak qishlogʻi.
22-avgust, 2020-yil.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring