Xodimlarning ijtimoiy himoyasi kafolatlangan

04:12 11 Noyabr 2022 Jamiyat
935 0

Yurtimizda jiddiy islohotlar jarayoni kechmoqda. Bunga har qadamda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari misolida guvoh boʻlib turibmiz. Mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini taʼminlash yoʻlidagi ushbu saʼy-harakatlar dunyo hamjamiyati tomonidan ham eʼtirof etilyapti.

Jumladan, oʻz faoliyatini turli koʻrinishlarda davom ettirib kelayotgan kasaba uyushmalari 2020-yil 11-noyabrda oʻzining 8-qurultoyini oʻtkazdi va Prezidentimiz ushbu kunni “Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kuni” sifatida nishonlash taklifini ilgari surdi. Davlatimiz rahbari tomonidan 2020-yil 23-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilindi. Unga koʻra, 11-noyabr — Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kuni, deb belgilandi va bu 5,5 milliondan ortiq aʼzosi boʻlgan kasaba uyushmalari hayotida unutilmas voqea sifatida muhrlanib qoldi.

Oʻtgan yili mazkur sana munosabati bilan davlatimiz rahbarining kasaba uyushmalari xodimlariga bayram tabrigi ilk marotaba yoʻllandi.

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi barcha joyda mehnatkashlar huquqlarining hurmat qilinishi va munosib mehnat tamoyillari tarkib topishi mamlakatda adolatli hamda barqaror rivojlanishning zaruriy sharti ekaniga qatʼiy ishongan holda oʻz faoliyatining yoʻnalishlarini belgilab olgan.

Xalqimizning aql-zakovati, kuch-qudrati va salohiyatiga tayanib, bu yoʻlda oʻta muhim va salmoqli natijalarga erishildi.

Xalqaro mehnat tashkilotining 5 ta konvensiya va bayonlarining qonun hujjatlari va amaliyotga implementatsiya qilingani, yangi tahrirdagi “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi hamda “Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida”gi Qonunlar qabul qilingani fuqarolik jamiyati va davlatni rivojlantirishdagi dolzarb vazifalar yechimini topishda kasaba uyushmalarining rolini ancha kuchaytirdi.

Kasaba uyushmalari tizimdagi sihatgohlarni qayta taʼmirlash hamda ularning sharoitlarini yaxshilash bilan cheklanib qolmasdan, ularning sonini oshirishga ham erishdi. Jumladan, viloyatimizning Parakent tumanida Zarkent sanatoriysi ochildi, Boʻstonliq tumanida Sevarsoy sihatgohi ham ochilishga shay holatda turgani quvonarli, albatta.

Ayniqsa, xodimlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida faoliyat olib boradigan xodimlarni tayyorlash maqsadida Kasaba uyushmalariga qarashli boʻlgan Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasi ochilganligi amalga oshiriladigan ishlar koʻlamini kengaytirishga xizmat qiladi.

Mana shu yoʻnalishlarda olib borilgan islohotlar natijasida Kasaba uyushmalarining Toshkent viloyati Kengashi tomonidan qator amaliy ishlar bajarilyapti.

Toshkent viloyati Kengashida bugungi kunda 2750 ta boshlangʻich tashkilot mavjud boʻlib, ularda 35 mingdan ziyod aʼzolar qamrab olingan. Ular ishtirokida turli maʼdaniy-maʼrifiy tadbirlar, sport tadbirlari, Rahbar va yoshlar uchrashuvlari hamda koʻrik-tanlovlar oʻtkazib kelinmoqda.

Jumladan, bugungi kunda yoshlarda vatanparvarlik, yurtga sadoqat, halollik va mardlik tuygʻularini mustahkamlashga qaratilgan oʻquv seminarlar hamda maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuvlari oʻtkazilmoqda.

Har yili oliy oʻquv yurtlarida taʼlim olayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar orasidan tanlov asosida “Kasaba uyushmalari stipendiyasi” sovrindorlari aniqlanib, ularga olti oy davomida stipendiya toʻlab beriladi. Joriy yilda Chirchiq davlat pedagogika universitetining 3-bosqich talabasi Ahmadjon Alimboyev ushbu imkoniyatdan foydalandi.

Kasaba uyushmalari orqali joriy yil davomida korxona hamda tashkilotlardagi 198 nafar oliy oʻquv yurtlarida tahsil olayotgan iqtidorli, kam taʼminlangan va chin yetim talabaga oʻquv shartnoma pullarining bir qismi ish beruvchilar tomonidan qoplab berildi. 158 nafar yosh oilaga uy-joy qurish va mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xarid qilish uchun, shuningdek, 291 nafar yosh xodimlarga safarbarlik zaxirasidagi harbiy xizmatga chaqirilishi munosabati bilan foizsiz ssudalar berildi.

Kasaba uyushmalari tizimida faoliyat olib borayotgan yoshlar oʻrtasida turli sport tadbirlari, musobaqalar hamda intellektual oʻyinlar tashkil etib kelinmoqda. Korxona va tashkilotlarda faoliyat olib boradigan yoshlar ishtirokidagi “Quvnoqlar va zukkolar” koʻrik-tanlovi yoshlarning iqtidorini namoyish etishiga sharoit yaratish bilan birga ularning madaniy hordiq chiqarishlariga ham zamin yaratdi.

“Zakovat” intellektual oʻyinlari ham kasaba uyushmalari aʼzolari ishtirokida juda katta qiziqish bilan viloyatning yirik korxona va tashkilotlari hamda oliy taʼlim talabalari oʻrtasida oʻtkazildi.

Kasaba uyushmalari tizimida turizmni rivojlantirishga qaratilgan “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” shiori ostida tadbirlarni amalga oshirish uchun jamoa shartnomalari va tarmoq kelishuvlariga kiritish orqali shu yil davomida 12 500 nafar, shundan 8 450 nafari Toshkent shahri va viloyatning tarixiy obidalar, qadamjolar, yangi barpo etilayotgan obyektlariga, 5 000 nafardan ziyodi Samarqand, Buxoro, Xorazm, viloyatlarining tarixiy turistik shaharlariga sayohatlari uyushtirildi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga mehr-muruvvat koʻrsatish borasida ham viloyatning tuman va shaharlaridagi maxsus maktab internatlarida, “Mehribonlik”, “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida “Hech kim mehr va eʼtibordan chetda qolmasin” shiori ostidagi tadbirlari tashkil etilib, ular holidan xabar olinmoqda.

Bu hali hammasi emas. “Yangi Oʻzbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” degan gʻoya asosida taʼlim tizimida ham katta oʻzgarishlarning guvohi boʻlib turibmiz.

Darhaqiqat, ilm va izlanish boʻlmagan joyda rivojlanish, yuksalish va umuman, biror-bir sohaning kelajagi boʻlmaydi. Yangi Oʻzbekistonning nafasi, surʼati va shiddati, avvalo, oʻgʻil qizlarimizning azmu shijoati, aqlu zakovati, fikru va takliflarida, erishayotgan gʻalaba-yu yutuqlarida koʻrinmoqda.

Umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkazilgan “Mening Prezidentim” ijodiy ishlar tanlovining Toshkent viloyati ishtirokchisi, Parkent tumanidagi 5-ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabi 10-sinf oʻquvchisi Raʼno Abduhamidovaning mazkur tanlovning respublika bosqichida gʻolib boʻlishi va shu tanlov asosida chop etilgan “Mening Prezidentim” ijodiy ishlar kitobida viloyatning besh nafar iqtidorli yoshlarining insholari joy olgani viloyatimizning barcha aholisiga faxr tuygʻusini baxsh etdi.

Oliy taʼlim talabalari oʻrtasida oʻtkazilgan “Oʻzbekiston kelajagini oʻz qoʻllarimiz bilan bunyod etamiz” mavzusidagi insholar tanlovida ham Chirchiq davlat pedagogika universiteti talabalari ishtirok etib faxrli 2-oʻrinni (Maftuna Uraimshikova) hamda nominatsiya gʻolibligini (Malika Toʻrabekova) qoʻlga kiritgani boshlangʻich tashkilotlarda kasaba uyushmalari qoʻmitalarining raislari samarali faoliyat olib borayotganligidan dalolat beradi.

Shu bilan birga, kasaba uyushmalari tomonidan korxona va tashkilotlar ishchi-xodimlarini sogʻlom turmush tarziga jalb qilish, ularning sport mashgʻulotlari bilan muntazam ravishda shugʻullanishlariga sharoit yaratish maqsadida tashkil etiladigan musobaqalarda viloyat miqyosida oʻn minglab yoshlarni qamrab oldi.

Umuman olganda, jamiyat hayotida kasaba uyushmalarining oʻrni va roli tobora ortib bormoqda. Ular tomonidan ishchi-xodimlar huquq hamda manfaatlarini himoya qilish, munosib mehnat va dam olish sharoitlarini yaratish, kam taʼminlangan, ehtiyojmand oilalar hamda ularning farzandlarini, keksalarni, nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotir.

Bu esa mamlakatimizda mazkur tizimni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak eʼtibordan darak beradi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

Shoira OXUNJONOVA,

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi

Toshkent viloyati Kengashi raisining

Yoshlar masalalari boʻyicha maslahatchisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер