Xodim pensiya yoshiga yetishi munosabati bilan uni ish beruvchi tomonidan boʻshatish taqiqlanadi
Foto: Kun.uz
“Nuroniylarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning turmush darajasini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, “Bir nuroniy oʻn yoshga masʼul” tamoyilini qaror toptirishdagi tashabbuskor nuroniylar moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlanadi.
Xodimning pensiya yoshiga toʻlganligi uchun mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish taqiqlanadi.
2022-yil 1-apreldan:
- oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz keksalar va yolgʻiz yashaydigan keksalar har yili bir marotaba sanatoriylarda bepul sogʻlomlashtiriladi;
- sharoiti ogʻir va kam taʼminlangan keksalarga retseptga asosan 3 oylik ehtiyoj asosida dorilar, tibbiy va maxsus protez-ortopediya moslamalari olib beriladi hamda jarrohlik amaliyotlarining xarajatlari qoplanadi;
- ogʻir tashxisli kasal hamda nogiron keksalarga shifokorlar retseptlariga muvofiq, 3 oylik ehtiyojdan kelib chiqib dori vositalarining 50 foizigacha summasi kompensatsiya qilinadi;
- keksalarning jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishlari uchun abonement xarajatlari qoplanadi;
- davlat teatrlari va muzeylariga keksalar uchun chipta narxlari toʻliq qoplab beriladi.
2022-yil 1-sentyabrgacha keksalarga oid maʼlumot va yangiliklar ularning mobil telefon raqamlariga SMS orqali maʼlum qilib boriladi.
Mamlakatimizda faol qarish indeksi joriy etiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring