Xizmat vaqtida fuqarolar tomonidan kaltaklanib oʻldirilgan IIB xodimiga “Jasorat” medali berildi

14:58 15 Yanvar 2019 Jamiyat
3804 0

Foto: "Xalq so'zi"

XALQ SOʻZI ONLINE”. Saminjon Husanov/Andijon. Shunday insonlar bor, ular mana shu xalq, ona Vatan uchun kerak boʻlsa jonini fido qilishga tayyor. Ularning kechayu kunduz tinim bilmay qilgan xizmatlari evaziga har tongimiz umidbaxsh, kunlarimiz nurafshon va tunlarimiz osuda. Ana shunday zamondoshlarimizdan biri Ilhomjon Haydarov Izboskan tumani ichki ishlar boʻlimining jinoyat qidiruv boʻlinmasida tezkor vakil vazifasida xizmat qilgan.Aslida uning xizmat faoliyati davomida erishilajak yutuqlari hali koʻp edi. Hammasi hali oldinda edi. Biroq...

Atiga ikki oy oldin, yaʼni 2018 yilning 22 noyabr kuni Ilhomjon tungi xizmat paytida edi. Izboskan tumani “Yuqori Chuvama” mahalla fuqarolari yigʻini hududida bemaqsad yurgan bir guruh yigitlar uning eʼtiborini jalb etdi. Tungi soat 2:00lar emasmi, fuqarolarning shaxsini va maqsadini aniqlashga kirishgan Ilhomjon va uning hamkasbi kutilmaganda yigitlarning qarshiligiga uchradilar. Jamoat tartibini saqlash, mahalla-koʻy tinchligini taʼminlashga kamarbasta osoyishtalik posbonlari shu tunda bir guruh jinoiy toʻda qoʻlida kaltaklandilar. Shifokorlarning urinishlari esa zoye ketdi. Shu tunda Ilhomjon hayotdan koʻz yumdi.

Vatan oʻz qahramonlarini unutmaydi. Ularning har bir xayrli ishlari eʼzozimizdadir. Ilhomjon Haydarov ham Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 11 yanvardagi Farmoniga binoan vafotidan soʻng “Jasorat” medali bilan taqdirlandi.

14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni bayrami munosabati Andijon viloyati hokimi, harbiy-maʼmuriy sektor rahbari Shuhratbek Abdurahmonov Ilhomjon Haydarov xonadoni boʻldi. Uning ota-onasiga mana shunday mard, jasur oʻgʻlonni tarbiyalagani uchun minnatdorchilik izhor etgan holda, davlat mukofotini topshirdi.

“Farzandim oramizda yoʻqligi achinarli. Biroq el-yurt tinchligi, osoyishtaligi yoʻlida jonfidolik qilgani zamondoshlarimizga ibrat boʻladi, degan umiddaman. Oʻgʻlimning el-yurt oldidagi xizmatini munosib taqdirlagan hukumatimizdan minnatdorman,”-deydi qahramonning otasi Inomjon aka Haydarov.

Foto: "Xalq so'zi"

Har tong uyimizdan koʻchaga chiqar ekanmiz, kimimizdir ishga, oʻqishga va boshqa manzillar sari yoʻl olamiz. Har birimiz oldimizga qoʻygan maqsadlar sari ogʻishmaslikka intilamiz. Yaxshi manzillarda yaxshi maqsadlar ijobatidan koʻnglimiz toʻlgan paytda bizga mana shunday imkoniyatni yaratib bergan qahramonlarimizni yodga olish burchimiz ekanligini unutmasak bas.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер