Xitoylik shifokorlar — Namanganda

22:35 22 Aprel 2020 Jamiyat
1738 0

Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda yordam berish uchun mamlakatimizda boʻlib turgan xitoylik shifokorlar guruhi bugun Namanganga keldi. Ular dastlab viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasida tashkillangan videokonferensiyada ishtirok etdilar. Tadbir oldidan boʻlib oʻtgan muloqot chogʻida viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi bosh mutaxassisi Dilshod Hoshimov Namangandagi epidemiologik vaziyat va uni barqarorlashtirish borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirdi. Karantin tadbirlarining koʻlami, koronavirusga chalingan bemorlarni sogʻaytirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi. 43 nafar bemorning toʻliq sogʻayganligi mamnuniyat bilan qayd etildi.

Shundan soʻng boshqarmadagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari tarmoqlari orqali bogʻlangan shahar va tumanlar tibbiyot birlashmalari hamda viloyat davolash-profilaktika muassasalari bilan onlayn tarzdagi videomaslahatlashuv oʻtkazildi. Norin, Namangan, Chust tuman tibbiyot birlashmalaridan, viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi va boshqa muassasalardan tushgan savollarga xitoylik mutaxassislar batafsil javob qaytarishdi.

Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida olib borilayotgan davolash ishlari mehmonlarda katta qiziqish uygʻotdi. Shifoxonadagi mutaxassislar bilan savol-javoblar chogʻida kasallikni samarali bartaraf etish yuzasidan fikrlashib olindi.

Videomastlahatlashuv chogʻida chin yurti vakillari Xitoyda epidemiya davrida koʻrilgan choralar, koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqarish borasidagi tadqiqotlar haqida gapirib, infeksiya tarqalishining oldini olish, ayniqsa, tibbiyot xodimlarini ishonchli himoyalash boʻyicha nimalarga eʼtibor qaratilishi lozimligi xususida tavsiya berdilar.

- Biz Oʻzbekistonning juda koʻp joylarida boʻldik. Koronavirus infeksiyasiga qarshi taʼsirchan choralar koʻrilgan. Koʻchalar boʻm-boʻsh. Demak, davlat tomonidan koʻrilayotgan choralarni aholi qoʻllab- quvvatlayapti. Hukumat bilan xalq oʻrtasidagi aloqa juda yaxshi oʻrnatilgan. Hozirgi sharoitda birinchi qiladigan ishimiz profilaktikani yaxshi yoʻlga qoʻyish. Vaksina topilmagan boʻlsa ham kasallik tarqalishini shu yoʻl bilan jilovlash mumkin. Ishonamanki, yurtingizda ham yaqin orada osoyishta hayotga qaytiladi, -deydi doktor Vang Van Chun.

Xitoylik shifokorlar safar dasturidan Pop tumanida barpo etilayotgan karantin-kuzatuv punkti va 160 oʻrinli shifoxona qurilishi bilan tanishish ham oʻrin olgan. 

Qudratilla NAJMIDDINOV.
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер