Xitoylik xakerlar AQSHda Covid-19ga qarshi vaksina ishlanmalarini oʻgʻirlashga urinmoqda

11:20 15 May 2020 Dunyo
1353 0

Xitoy bilan bogʻliq xakerlar Amerikada koronavirus ustida tadqiqotlar olib borayotgan tashkilotlarga hujum qilishga urinishmoqda.

Bu haqda AQSH Federal qidiruv byurosi va ichki xavfsizlik vazirligining qoʻshma bayonotida maʼlum qilingan, deb yozadi Reuters.

Unda qayd etilishicha, xakerlar tojdor virusga qarshi vaksina, shuningdek, test qilish hamda kasallikni davolashga oid ishlanmalarga tegishli “qimmatbaho intellektual mulk“ni oʻgʻirlashni maqsad qilishgan.

“FQB XXR bilan bogʻliq kiber-subyektlar tomonidan AQSHning Covid-19 boʻyicha tadqiqotlar olib borayotgan tashkilotlariga maqsadli va obroʻsizlantirishga qaratilgan hujumlar qilish holatlarini tekshirmoqda. Ular intellektual mulk hisoblangan va jamoatchilik sogʻligʻini saqlash sohasining vaksina, davolash va test bilan bogʻliq boshqa qimmatli maʼlumotlarni Covid-19 tadqiqotlari bilan bogʻliq tarmoqlar hamda xodimlar orqali topish hamda noqonuniy yoʻl bilan olishga urinishyapti. Ushbu maʼlumotlarni oʻgʻirlash xavfsiz va samarali davolash usulini taqdim etish ishlariga tahdid soladi“, — deyiladi bayonotda.

FQB shu kabi hujumlardan shubha qilgan barcha tuzilmalarni zudlik bilan shu haqda Byuroga xabar berishga chaqirgan.

Mazkur bayonotga esa XXRning Vashingtondagi elchixonasi ham munosabat bildirib, uni “yolgʻon“ deb atagan.

“FQB aybsizlik prezumpsiyasiga asoslangan va hech qanday dalil-isbotsiz ogohlantirish bilan chiqdi“, — deyiladi elchixona munosabatida.

Manbaga koʻra, oxirgi paytlarda tojdor virusni oʻrganish bilan bogʻliq tadqiqotlar hamda maʼlumotlar xakerlar uchun ustuvor yoʻnalishga aylangan. Gʻarb razvedka idoralari tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlariga nisbatan hujumlar uyushtirilayotgani haqida bir necha bor xabar bergan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер