Xitoy va Hindiston oʻrtasida yana qurolli toʻqnashuv boshlandi
Xitoy va Hindiston oʻrtasidagi Ladakx chegara hududida yana qurolli toʻqnashuv roʻy berdi. Hindiston mudofaa vazirligi xabariga koʻra, qarama-qarshilik 30-avgust kuni tunda boshlangan. Jarohatlanganlar haqida maʼlumot berilmagan.
Yuzaga kelgan holatni hal etish uchun har ikki tomon brigada komandirlari ishtirokida muzokaralar oʻtkazilyapti, deb yozadi RIA Novosti.
«Hind armiyasi muloqot orqali tinchlik va osoyishtalikni qoʻllab-quvvatlashga sodiqdir, ammo oʻz hududiy yaxlitligini himoya qilish yoʻlida toʻliq qatʼiydir», — deyiladi vazirlik bayonotida.
Xitoy tomoni esa oʻz navbatida chegarachilari nazorat chizigʻini kesib oʻtishmaganini maʼlum qildi.
Maʼlumot uchun, joriy yil 23-iyun kuni Hindiston va Xitoy Ladakxdagi chegara boʻyicha bahsli hududlardagi keskinlikni kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlar qabul qilishga kelishib olishgandi. 16-iyun kuni bu yerda roʻy bergan toʻqnashuvda hind armiyasining 20 askari halok boʻlgandan soʻng shunday qarorga kelingandi. Xitoy esa oʻsha mojaro qurbonlari haqida maʼlumot bermagan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring