XDP fraksiyasi pensiya tizimini isloh qilish boʻyicha yangi takliflarni ilgari surmoqda. U qishloq xoʻjaligida ishlagan fuqarolarga qanday yordam beradi?
Pensiya bilan bogʻliq tub islohotlar hech bir davlatda oson amalga oshirilmagan. Chunki bu tizimdagi muammoli masalalarni aniqlash va samarali hal etish chuqur tahlillarni taqozo etadi.
Bugungi kunda yurtimizda pensiya va nafaqa oluvchilarning umumiy soni 3 mln. 678 ming nafarni tashkil etib, aholi sonidagi ulushi 10,9 foizni tashkil qilmoqda. Shu jumladan, 3 mln. 313 ming nafar fuqaro pensiya oluvchi hamda 365 ming fuqaro nafaqa oluvchi hisoblanadi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 24-yanvarda Oliy Majlisga Murojaatnomasida aholining ijtimoiy yordamga muhtoj, pensiya yoshidagi qatlamini qoʻllab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlishini taʼkidlagan edi.
Darhaqiqat, mamlakatimizda bu masalaga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Pensiya tizimini takomillashtirish maqsadida birgina 2019-yilda “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonunga muhim oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sohaga oid 3 ta farmoni, yana 3 ta meʼyoriy-huquqiy hujjat qabul qilindi.
Islohotlar shular bilan toʻxtab qolmadi. Prezidentimizning 2019-yil 8-yanvardagi farmoniga muvofiq, Davlat pensiya taʼminoti tizimini isloh qilish Konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Albatta, tizimda olib borilayotgan katta ijobiy ishlar bilan birga, ayrim muammolar ham yoʻq emas. Jumladan, qishloq xoʻjaligi sohasida (sobiq jamoa xoʻjaligi, davlat xoʻjaligida) ishlab, pensiyaga chiqqan shaxslar oʻsha davrda ishlagan boshqa soha vakillariga nisbatan kamroq pensiya olayotgani fuqarolarning haqli eʼtiroziga sabab boʻlmoqda.
Mazkur masala Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzolari tomonidan saylov okruglarida, fuqarolar, mutasaddi idoralar vakillari bilan bevosita muloqot asosida oʻrganib chiqildi hamda pensiya miqdorini hisoblab chiqishda qonunchilik bilan bogʻliq ayrim muammolar yuzaga kelgani aniqlandi.
Taʼkidlash joiz, “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi qonunning 37-moddasida 1965-yildan keyingi davr uchun jamoa xoʻjaligidagi ish stajini hisoblab chiqarishda, agar jamoa xoʻjaligi aʼzosi uzrsiz sabablarga koʻra jamoa xoʻjaligida belgilangan mehnatda ishtirok etish minimumini bajarmagan boʻlsa, ishlangan vaqtning amalda davom etgan davri hisobga olinadi, deb belgilangan.
Oʻrganishlar shuni koʻrsatdiki, qishloq xoʻjaligi sohasida (sobiq jamoa, davlat va shirkat xoʻjaliklarida) ishlagan fuqarolarning 2005-yilgacha boʻlgan mehnat faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (har yilgi mehnat minimum qarorlari) aksariyat holatlarda arxiv saqloviga topshirilmagan yoki yoʻqolgan.
Buning oqibatida qishloq xoʻjaligi sohasida (sobiq jamoa, davlat va shirkat xoʻjaliklarida) mehnat faoliyatini 2005-yilga qadar yuritgan aksariyat fuqarolarga ishlangan vaqtning amalda davom etgan davridan kelib chiqib past miqdorda pensiya tayinlangan.
Misol uchun, sobiq jamoa xoʻjaligida 1980-yilda erkaklar uchun 220 kun, ayollar uchun 160 kun mehnat minimumi oʻrnatilgan. Oʻsha yillarda qishloq xoʻjaligida meʼyor(norma)larni bajarishga talab qattiqligi hisobga olinsa, aksariyat ishchi-xodimlar mehnat minimumini bajarishgan. Lekin yillar oʻtib, ular pensiyaga chiqish paytida sobiq jamoa xoʻjaligining bu haqdagi qarorini taqdim eta olishmagan. Buning asosiy sababi mehnat minimumi toʻgʻrisidagi qarorlar oʻz vaqtida arxivga topshirilmagan yoki yoʻqolgan. Ammo bu holatda mehnat majburiyatini bajargan, pensiya yoshiga yetgan fuqarolarimiz aybdor emas. Ular tizimdagi kamchilik tufayli yillar davomida jabr koʻrmoqda.
Yaʼni sobiq xoʻjaliklarda ishlagan erkaklar uchun oʻsha vaqtda bir yillik mehnat staji hisoblangan 220 kun amaldagi qonunchilikka asosan bir yillik emas, balki 7 oy 10 kun sifatida hisobga olingan. Xuddi shunday: avval ayol kishi uchun yillik meʼyor sanalgan 160 kun amaldagi qonunchilikka asosan 5 oy 10 kun sifatida hisobga olingan.
Oqibatda qishloq xoʻjaligida mehnat qilgan fuqarolarga oʻsha vaqtlarda boshqa sohalarda ishlagan kishilar, aytaylik, tengdoshlariga nisbatan 2-3 barobar kam pensiya hisoblangan.
Demak, 2005-yilga qadar sobiq jamoa va shirkat xoʻjaliklarida ishlagan fuqarolarning oʻsha vaqtda meʼyor hisoblangan mehnat staji toʻliq yillik staj sifatida inobatga olinishi haqida hujjat loyihasini ishlab chiqish lozim. Ming-minglab yurtdoshlarimizning mehnatini qadrlash, ularning huquqlarini himoyalashda bu muhim ahamiyatga ega.
Bundan tashqari, qonunchiligimizda toʻliqsiz yoshga doir pensiya belgilashda ham ayrim muammolar mavjud. Hozir kamida 7 yil ish stajiga ega boʻlgan shaxslarga toʻliqsiz yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori 236 000 soʻmni tashkil etmoqda. Ayonki, bu pensionerlarning eng zarur ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun yetarli emas.
Shuning uchun ham bugungi kunda Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi tegishli vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlikda “isteʼmol savatchasi” va “yashash minimumi” koʻrsatkichlarini qonunchilikda belgilash ishlarini olib bormoqda. Kelgusida pensiyaning eng kam miqdorini “isteʼmol savatchasi” va “yashash minimumi” koʻrsatkichlari asosida qayta koʻrib chiqish lozim boʻladi.
Shuningdek, ayollarga pensiya tayinlash uchun zarur boʻlgan ish stajiga bolasi 3 yoshga toʻlguncha uni parvarishlash taʼtillarida boʻlish vaqti toʻliq qoʻshib hisoblanishi haqidagi meʼyorni qonunchiligimizga kiritishimiz kerak.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi yuqoridagi takliflar va partiyaning Saylovoldi dasturida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, Davlat pensiya tizimini isloh qilish Konsepsiyasini har tomonlama pishiq-puxta tayyorlash va qabul hayotga joriy etish jarayonlarida faol ishtirok etadi.
Ulugʻbek VAFOYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzXDP fraksiyasi aʼzosi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring