Xavfli kasallikka qarshi global tavsiyalar eʼlon qilindi

10:10 08 Aprel 2024 Dunyo
389 0

2040-yilga borib, dunyoda prostata bezi saratoni bilan kasallanish koʻrsatkichi 2 baravar, xastalikdan oʻlim statistikasi esa 85 foiz (yiliga qariyb 700 mingta)ga koʻpayishi mumkin. Ushbu oʻsish tendensiyasidan asosan past va oʻrta daromadli mamlakatlar aholisi aziyat chekishi taxmin qilinyapti.

Buyuk Britaniyaning nufuzli «The Lancet» tibbiy jurnalida eʼlon qilingan hisobot ayni shu mavzuga bagʻishlandi. Undan bir guruh xalqaro tadqiqotchilarning tahlil va prognozlari bilan birga, prostata bezi saratoniga qarshi kurashish boʻyicha global tavsiyalar ham oʻrin olgan.

Hisobotda qayd etilishicha, yuqori xavf guruhiga mansub odamlar oʻrtasida erta skrining qamrovini kengaytirish — eng samarali chora. Bunga erishish uchun ish va jamoat joylari, savdo markazlari hamda salomatlik yarmarkalarida koʻchma laboratoriyalar orqali ixtiyoriy tibbiy test topshirishni yoʻlga qoʻyish taklif qilinmoqda.

Bu yoʻl bilan saratonni erta bosqichda aniqlash barobarida, uni samarali davolashga erishish mumkin. Mazkur jarayonda asosiy eʼtibor yosh erkaklarga qaratilishi maqsadga muvofiq.

Chunki prostata bezi saratoni sekinlik bilan rivojlanib, yaqqol belgilari kech bosqichda namoyon boʻladi. Biroq keksalarda uni davolash ogʻir asoratlarni keltirib chiqarishi va hatto oʻlimga olib kelishi xavfi yuqori.

Shuningdek, hisobotda aholining xastalikka doir xabardorligini oshirish muhimligi keltirilgan. Bunda mobil ilovalar, ijtimoiy tarmoqlar va OAV imkoniyatlaridan keng foydalanish kutilgan natijalarni berishi, shubhasiz.

Bundan tashqari, kasallikka erta tashxis qoʻyish uchun diagnostika jarayoniga sunʼiy intellektni tatbiq etish ustida ishlash kerak. Qolaversa, past va oʻrta daromadli mamlakatlarda jarrohlar hamda radioterapiya uskunalari taqchilligini bartaraf etish eʼtibor markazida boʻlishi zarur.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер