Xalqqa yaqin xizmatlar

17:07 07 Oktyabr 2019 Jamiyat
3226 0

“Biz bu xizmatni nima uchun tashkil qildik? Adolat buzilmasligi, korrupsiya boʻlmasligi, odamlar qiynalmasligi uchun. Eng katta yutugʻimiz – bunday idoralarda endi fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi”. Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

2017-yil 12-dekabrda davlatimiz rahbari 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi va Oʻzbekiston Respublikasida Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasini roʻyobga chiqarish, biznes yuritishda ortiqcha byurokratik jarayonlarni tubdan qisqartirish va davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimini yanada rivojlantirish maqsadida “Aholiga davlat xizmatlari koʻrsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmon, shu yilning 15-fevralida “Davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimini yanada kompleks rivojlantirish choralari haqida” qaror qabul qildi.

Davlat xizmatlari markazlari, aytish joizki, Prezidentimiz tashabbusi bilan Xalq qabulxonalari negizida barpo etildi. Tabiiyki, har bir fuqaro, albatta, biror yumush bilan davlat idoralariga murojaat qiladi. Ularning mushkulini oson qilish, davlat idoralari bilan munosabat qilishda yengillik yaratish maqsadida Davlat xizmatlari tashkil etildi. Bugun mamlakatimizning har bir tumanida jami 201 ta Davlat xizmatlari markazi faoliyat koʻrsatmoqda.

Baraka topishsin

Bugun biror yumushga ehtiyojingiz tushib qolsa, odamlar darrov Davlat xizmatlari markazlari haqida gapirmoqda. Kundalik turmushimizda tez-tez uchrab turadigan tezkor, qulay va shaffof iboralari deyarli har bir xonadonga kirib bordi, desak adashmaymiz. Aholiga yaratilgan barcha sharoit vaqtni tejash, turli ovoragarchilik va xarajatlarning oldini olish imkonini bermoqda. Endi bu yerda fuqaro vaqtini navbat kutib oʻtkazmaydi. Masalan, milliy haydovchilik guvohnomalarining yangi namunalarini berish, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqamini olish qisqa fursatda bajarilmoqda. Yoki jamgʻarib boriladigan pensiya tizimiga roʻyxatga turish endi avvalgidek bankka borilmasdan, markazning oʻzida uzogʻi bilan bir soatda hal boʻlmoqda.

Yurtdoshlarimiz 20-30 yillab egalik qilolmagan uy-joyiga mulkdorlik huquqini tiklayotganidan, manzil-maʼlumot axborotlarini bir zumda olayotganidan, tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan yugur-yugurlarsiz oʻtganidan quvonsa, yana kimdir farzandini bogʻchaga joylashtirish bilan bogʻliq muammolari, hujjatlarni rasmiylashtirish kabi yumushlari ham oʻz vaqtida, samarali hal etilayotganidan mamnun. Bunday qulaylik va imkoniyatlar haqida juda koʻp gapirish mumkin. Xursandchilikning fayzu shavqi odamlarimiz chehralariga koʻchgandek goʻyo. Bu xushnudlik koʻzlardan koʻzlarga, soʻzlardan soʻzlarga oʻtayotir.

– Koʻz boʻyicha ikkinchi guruh nogironiman. Bekobod shahar, M.Hasanova koʻchasidagi 6-uyda yashayman. Muhtaram Yurtboshimiz Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida buyuk alloma Najmiddin Kubro bobomizning “Muvaffaqiyatni – saʼy-harakatda, muvaffaqiyatsizlikni esa – loqaydlikda koʻrdim” degan soʻzlarini eslab, biz faqat faol tadbirkorlik, tinimsiz mehnat va intilish orqaligina taraqqiyotga, farovon hayotga erishishimiz mumkinligini aytib oʻtgan edi. Mana shu gaplari bizni har qachongidan ham koʻproq ishlashga ruhlantirmoqda. Anchadan buyon tadbirkorlik bilan shugʻullanishni niyat qilib yurgandim. Bekobod shahar Davlat xizmatlari markazi xodimlariga rahmat. Markazga borishimga hojat qolmadi. Uyimga kelib, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligim toʻgʻrisida guvohnoma berishdi. Endi tadbirkor sifatida berilgan imtiyoz va qulayliklardan foydalanib, halol mehnat qilib, oilamiz farovonligi va toʻkinligini yaxshilash harakatidaman, – dedi quvonib Roʻziboy Aliqulov.

– Men faoliyatim davomida aholi uchun hozirgiday yaratilayotgan qulaylikni hali kuzatmaganman, – dedi Yuqori Chirchiq tumani “Ittifoq” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Zulfina Aytboyeva. –Xushmuomalalik har bir odamning koʻngliga yoʻl topadigan fazilat hisoblanadi. Ayniqsa, davlat xizmatiga ehtiyoj sezib kelayotgan fuqarolar ochiq chehra bilan “Keling, nima xizmat?” deya, qarshi olinayotgani, bizning kayfiyatimizni yanada koʻtarib yuboradi. Bugun aholiga qulay davlat xizmatini koʻrsatish, odamlar mushkulini oson qilishni maqsad qilgan markaz xodimlari mehnatidan keksayu yosh birdek mamnun boʻlmoqda.

– Zangiota tumanida 200 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi, – dedi tuman Davlat xizmatlari markazi direktori Akbar Dadaboyev. –2018-yilda markazimiz xodimlari tomonidan 23 mingdan ortiq jismoniy va yuridik shaxsga xizmat koʻrsatilgan boʻlsa, joriy yilning shu davrigacha koʻrsatilgan xizmatlar soni 61 ming 300 taga yetdi. Shu oʻrinda, markazimizda davlat xizmatlaridan foydalanuvchilar soni tobora ortib borayotganini ham alohida taʼkidlash lozim. 2018-yilda markazga bir kunda oʻrtacha 40-45 kishi ish bilan kelgan boʻlsa, hozirgi kunda bu koʻrsatkich 350-400 kishini tashkil etmoqda.

– Oʻrta Chirchiq tumanidagi “Yangi turmush” mahalla fuqarolar yigʻinida yashaymiz. Atigi bitta anketani toʻldirib nabiramni bogʻchaga joylashtirdik. Tuman Davlat xizmatlari markazi xodimlari ishimizni yarim soatda hal qilib berishdi. Ularning shirin soʻzligi, atrofingizda parvonaligini aytmaysizmi. Hatto, siz bir oz dam olib turing, deb bir piyola choy ham tutishdi, – dedi hayratini yashirolmay Fotima opa Utayeva.

– Bir necha yildan buyon uyimizni hujjatlashtira olmay ovora-yu sarson boʻlib yurgandik, – deya suhbatga qoʻshildi “Nurafshon” mahalla fuqarolar yigʻini, “Charogʻon” koʻchasi, 18-uyda istiqomat qiluvchi Gulnora opa Nabiyeva. – Tumanimizdagi davlat xizmatlari markaziga murojaat qildik. Hokim tez fursatda qaror chiqarib berdi. Uyimizning kadastr hujjatini tayyorlab oldik. Yillab bitmay kelayotgan ishimiz koʻz ochib yumguncha bitdi. Baraka topishsin.

Baraka topishsin. Bir qarashda juda oddiy, sodda jumlalar. Ammo shu ikki soʻz zamirida bugungi islohotlardan shukronalik tuygʻusi mujassam. Bosh maqsadimiz – odamlarning hayotdan mamnun va rozi boʻlib yashashi uchun barcha sharoit yaratilayotganligiga ishora bor bu soʻzlarda.

Ishdan qaytayapman. Taksi haydovchisi radio muruvvatini asta buraydi. Suxandon qizning, siz “Mahalla” radiokanalini tinglayapsiz. Efirda “Xalq orasida” eshittirishi, degan ovozi yangradi. Boshlovchi davlat xizmatlari koʻrsatish sifati va foydalanish imkoniyati tubdan yaxshilanib borayotganligini taʼkidladi. Chinoz tuman markazidan 25 chaqirim olisdagi “Tong yulduzi” mahalla fuqarolar yigʻinida Davlat xizmatlari markazining shoxobchasi haqida maʼlumot berib oʻtildi. DXM shoxobchasi tufayli, endilikda 228 oila tezkor, qulay va shaffof davlat xizmatlaridan foydalanadigan boʻldi.

Tezkor

Barcha davlat xizmatlari markazlarining faoliyati ushbu tamoyil asosida yoʻlga qoʻyilgan. Ularning ish uslubi shu soʻzga chambarchas bogʻliq. Biror-bir yumush bilan keluvchilarni bunga ishontirishga, har qanday muammoni tezkorlik bilan hal etib, aholining vaqtini olmaslikka harakat qilishadi. Davlat xizmatlari tufayli odamlar, eng avvalo, vaqtlarini tejashyapti.

Bizda vaqt azaldan qadrlangan. Abu Hafs Naysoburiy: “Har bir vaqtning oʻz odobi bor, kim vaqt odoblariga rioya qilsa, ulugʻlar darajasiga yetadi”, deydi. Vaqt odoblariga rioya qilayotgan Davlat xizmatlarining el orasida hurmat va izzat topayotgani ham shundan boʻlsa ajab emas. Bahouddin Naqshband aytganlaridek: “Kim vaqtini zoye ketkazsa, vaqt uning dushmaniga aylanadi...”

Qulay

Inson qayerda va qay sharoitda yashamasin, oʻziga qulaylik yaratishga harakat qiladi. Davlat xizmatlari ish faoliyatining asosini ham aholiga qulay sharoit yaratish maqsadi tashkil etadi. Bugun undan hatto olis qishloq odamlari ham manfaatdor boʻlmoqda. Ular uchun yaratilgan shart-sharoit va imkoniyat shaharnikidan aslo qolishmaydi.

Yurtdoshlarimizga zamonaviy jihozlangan binolardagi monitorlarda 120 ga yaqin xizmat turi yuzasidan maʼlumotlar taqdim etilmoqda. Qolaversa, did bilan tartibga keltirilgan xizmat oynalari, elektron navbat, kutish zali, farzandi bilan kelgan fuqarolarga ona va bola xonasi, tibbiy koʻmakka muhtoj odamlar uchun tibbiy yordam xonasi, koʻrsatilgan xizmatlar toʻlovini amalga oshirish uchun bank kassalari mavjud. Internetdan foydalanish uchun bepul WiFi, zamonaviy kafeteriya ham tashrif buyuruvchilar ixtiyorida boʻladi. Binolarda tashkil etilayotgan kichik kutubxonalar esa navbat kutib turgan fuqarolarning vaqtini mazmunli oʻtkazishga xizmat qilmoqda.

Shaffof

Tilimizda azaldan mavjud boʻlgan shaffof soʻzi – tiniq, musaffo, zilol maʼnolarini beradi. Keyingi paytda shaffof soʻzini ijtimoiy-siyosiy yoʻnalishdagi birikmalarda ham ishlata boshladik. Masalan, “Siyosat shaffofligi”, “Tamoyillar shaffofligi”, “Xizmatlar shaffofligi”, “Moliyaviy shaffoflik”... Shaffoflikni aniqlash mezonlari bor. U beriladigan maʼlumotning ochiq, ishonchli boʻlishida, aholiga oʻz vaqtida yetib borishida koʻzga tashlanadi.

Shaffoflik – Davlat xizmatlari agentligi faoliyatining bosh mezoni sanaladi. Shu bois, agentlik tomonidan qilinayotgan barcha saʼy-harakat va tashabbuslar uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari hamda veb-sayti jamoatchilikka tezkor va shaffof xizmat koʻrsatmoqda.

Xalqning ogʻirini yengil qilish

Bugun davlat bilan xalq oʻrtasidagi muloqot yangi bosqichga koʻtarildi, desak adashmaymiz. Xalqning ogʻirini yengil, uzogʻini yaqin qilish, qulaylik yaratish va shaffoflikni taʼminlashga qaratilgan davlat xizmatlarini koʻrsatishning yangicha tizimi hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Tadbirkorlikni rivojlantirish deysizmi, yangi ishlab chiqarish korxonalari ochish deysizmi, elektron raqamli imzo kalitini olish deysizmi, qoʻyingki, har qanday yumush bilan markazga kelsangiz, ishingiz tez fursatda bitadi. Bunday sharoitda ishlash xodimlar uchun ham, markaz xizmatidan foydalanishga kelgan aholi uchun ham birdek qulay boʻlib, oʻzgacha kayfiyat ulashadi. Yaratilgan qulayliklardan yana biri, markaz xodimlari olis va chekka hududlarda boʻlib, muntazam ravishda fuqarolar murojaatlarini joyida hal etish maqsadida sayyor (mobil) xizmat koʻrsatyapti.

Angren shahrining Qiziltogʻ (Krasnogorsk) shaharchasida 17 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Birgina elektr energiyasi, tabiiy gazga ulanish uchun texnik shart olish yoki soliq, ichki ishlar idoralaridan maʼlumotnomalar olish uchun 100 chaqirim masofa bosishga toʻgʻri keladi. Ammo Davlat xizmatlari markazlari tomonidan aholiga sayyor xizmat koʻrsatilayotgani bu kabi ovoragarchiliklarga chek qoʻymoqda. Xalqning uzogʻini yaqin, mushkulini oson qilish uchun hatto markazdan ancha olis hududlarda ham aholining davlat xizmatiga boʻlgan ehtiyoji qanoatlantirilmoqda. Oʻtgan toʻqqiz oy davomida Angren shahar Davlat xizmatlari markazi tomonidan chekka va olis hududlar, aholi gavjum boʻlgan joylarda 4 mingga yaqin sayyor xizmat koʻrsatildi. Ana shunday xizmatlardan koʻplab aholi foydalanayotir. Boshqacha aytganda, yurtdoshlarimizning vaqti ham, naqdi ham tejalmoqda.

– Davlat xizmatlari koʻrsatish borasida aholi uchun koʻplab qulayliklar yaratilmoqda, – dedi shaharchaning Doʻstlik koʻchasi, 45- uyida istiqomat qiluvchi Mirqodir Mirkomilov. – Yuridik va jismoniy shaxslarni gaz tarmoqlariga ulash boʻyicha shartnoma olish muddati 11 ish kunidan 3 ish kuniga qisqartirildi. Taqdim etiladigan 2 ta hujjat bekor qilinib, birgina anketa toʻldirish bilan cheklanar ekan. Oʻzaro aloqalarning faqat elektron shaklda axborot almashinuvi orqali amalga oshirilishi ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olmoqda. Eng muhimi, markaz xodimlarining uyimizga kelib beminnat, sayyor xizmat koʻrsatayotgani quvonarli. Gaz tarmogʻiga ulanish boʻyicha murojaat qildim. Ishim bu qadar tez bitadi, deb oʻylamagan edim. Avvallari hujjatlarni rasmiylashtirishning oʻzi bir muammo edi-da. Bu kabi doimiy eʼtibordan juda minnatdormiz.

Davlat xizmatlari markazining qay biriga bormang, kirish yoʻlagida xodimlar sizni “Xush kelibsiz!” deya tabassum bilan qarshi oladi. Bugun olis qishloq va ovullarda ham davlat xizmatlari markazlarining shoxobchalari faoliyat olib borayotgani, sohadagi islohotlar eʼtirofga sazovor. Maqsad esa aniq – aholiga sifatli davlat xizmatini tashkil etish bilan odamlar mushkulini oson qilish, dardu quvonchiga sherik boʻlish, qisqacha aytganda, xalqimizni hayotdan rozi qilish. Bularsiz yurtdoshlarimiz qalbida shukronalik, ertangi kunga ishonch tuygʻularini mustahkamlab boʻlmaydi. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, davlat idoralari endi odamlarga xizmat koʻrsatadigan payt keldi.

Erkin DORIPOV,

Davlat xizmatlari agentligi

Toshkent viloyati boshqarmasi

matbuot xizmati boshligʻi.

OʻzA

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер