Xalqobod qachon obod boʻladi?
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Payariq tumanidagi Xalqobod mahallasida “Obod xonadon – obod koʻcha – obod mahalla” mezonlari asosida bunyodkorlik va obodonlashtirishga qaratilgan amaliy ishlar boshlab yuborilgan. Taʼkidlash joizki, 3407 nafar aholi istiqomat qiladigan bu mahallani sharoiti ogʻir hudud deb boʻlmaydi. Birinchidan, tuman markazidan uzoqda emas. Magistral yoʻl yoqasida joylashgan ushbu maskanning salohiyatidan toʻliq foydalanish uchun yetarli infratuzilma yaratilsa, Xalqobod obod mahallalar qatoriga qoʻshiladi.
Bugunga qadar hudud masʼullar tomonidan batafsil oʻrganilib, mahalla faollari va fuqarolarning takliflari qabul qilingan.

— Mahallamizdagi transformatorlar, simyogʻochlar maʼnan eskirgan, keyingi oʻn yilda uy qurib, koʻchib oʻtganlar koʻchaga yogʻochli ustunlar oʻrnatib, sim tortishga majbur boʻlgan, — deydi Bahrom Norjigitov. — Elektr taʼminoti ham shunga yarasha, sifatsiz edi. Birinchi navbatda shu muammo hal etilishi zarur. Bundan tashqari, mahalladagi 29 ta ichki koʻchani asfaltlash, 1800 metr piyodalar yoʻlagini qurish boʻyicha takliflar berganmiz. Hozir mahallamiz koʻchalarining bor-yoʻgʻi 30 foizi asfaltlangan, tosh yotqizilganlarida ham qish kunlarida harakatlanish qiyin. Odamlar manzillariga aylanma yoʻllar orqali boradi. Albatta, mahalladoshlarimiz ham qarab oʻtirgani yoʻq. Misol uchun, oʻtgan yili hashar yoʻli bilan qurilishi boshlangan mahalla binosi hamda “Nuroniylar” maskani bitay deb qoldi. Agar koʻchalarimizni obodonlashtirish boshlansa, xayrli ishga barcha oʻz hissasini qoʻshadi.
Mahalladagi 38-davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti devor bilan oʻralmagan. Omborxona va koʻmirxonasi yoʻq. Bogʻcha mudirasi Zebo Abdurahmonovaning bildirishicha, butun binoni isitish uchun bitta qozonxonaning quvvati yetmayotgan ekan.

— Bogʻchamizning ichini oʻz imkoniyatimizdan kelib chiqib taʼmirlayapmiz, — deydi Z.Abdurahmonova. — Buning uchun hovlimizning boʻsh joyida toʻqsonbosti ekin ekish orqali qoʻshimcha mablagʻ olamiz. Lekin imkoniyatimiz yetmagan ishlar bor. Bogʻcha binosining fasad qismi ham taʼmirga muhtoj.
Xalqobod mahallasi hududi obod qilinsa, koʻchalar taʼmirlansa, magistral yoʻl yoqasida yangi oshxonayu doʻkonlar, xizmat koʻrsatish shoxobchalari ochilib, qoʻshimcha ish oʻrinlarini yaratish mumkin boʻladi. Eng asosiysi, odamlarda ham hayot tarzini yaxshilashga ishtiyoq ortadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring