Xalqimiz, millatimizning oltin fondi

18:41 10 Mart 2021 Jamiyat
1068 0

Yurtimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini kafolatlash, mamlakat ijtimoiy-siyosiy, sotsial, iqtisodiy hayotidagi toʻlaqonli ishtirokini taʼminlash, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash, onalik va bolalikni himoya qilish, qizlarimiz isteʼdodini roʻyobga chiqarish, zamonaviy bilim hamda kasb-hunarlarni egallashi uchun imkoniyat yaratish uchun keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada mustahkam huquqiy zamin yaratilgan.

Milliy qonunchiligimizda ayollar va erkaklar teng huquqli ekanligi, ayollarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoyalashga qaratilgan qonunlar, Prezidentimizning ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan Farmon va qarorlari qabul qilindi. Oila, ayollar masalalari parlament darajasida muhokama qilinadigan boʻldi. Qonunchilik palatasida bu boʻyicha komissiya, Senatda esa alohida qoʻmita faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Gender tenglikni taʼminlash boʻyicha respublika komissiyasi oʻz faoliyatini olib bormoqda.

Natijada xotin-qizlarning barcha soha va tarmoqlardagi oʻrni yana-da ortib boryapti. Bugun mamlakatimizda davlat va jamoat tashkilotlari tizimida 1 ming 400 ga yaqin xotin-qizlar rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritayotir. Bu borada xotin-qizlar ishtirokini kuchaytirish maqsadida 6 mingdan ziyod faol xotin-qizlardan iborat kadrlar zaxirasi shakllantirildi.

Davlatimiz rahbari Xalqaro xotin-qizlar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimda nutqida “Bunday zamonaviy bilim va isteʼdodga, yetakchilik qobiliyatiga ega, el-yurtimiz uchun fidoyi xotin-qizlarimiz — xalqimiz, millatimizning oltin fondi, desak, hech qanday mubolagʻa boʻlmaydi”, deya taʼkidladi. Buni biz, ayollar faollikka, izlanishga, intilishga daʼvat, deb qabul qilib, salohiyatimizni yurt rivoji yoʻlida ishlatishimiz, ishonchni oqlashimiz lozim.

Zumrad BEKATOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
II darajali “Salomatlik” ordeni sohibasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер