Xalqaro kuzatuvchilarning saylovlar shaffofligini taʼminlashdagi oʻrni qanday?
Taʼkidlash lozimki, saylovlarda xalqaro kuzatuvchilarning ishtiroki va oʻrni muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki aynan xalqaro kuzatuvchilarning ishtiroki saylovlarning ochiq-oshkora, demokratik tamoyillar asosida oʻtganini belgilaydigan muhim omildir. Shu bois amaldagi qonunlarda bu borada muhim qoidalar belgilab qoʻyilgan. Xususan, Saylov kodeksining 6-bobida, qolaversa, Markaziy saylov komissiyasining Qarori asosida qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi saylovlarida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar toʻgʻrisida«gi Nizomda xalqaro kuzatuvchilarning saylov jarayonidagi ishtiroki aniq tartibga solingan.
Shu oʻrinda haqli savol tugʻiladi: xoʻsh, xalqaro kuzatuvchilar saylov jarayoniga qanday tartibda taklif etiladi? Bunga javoban shuni aytish kerakki, saylov kampaniyasi boshlanganligi eʼlon qilingach, MSK xorijiy davlatlar saylov organlari va xalqaro tashkilotlarga Tashqi ishlar vazirligi orqali taklifnoma yuboradi. Shuningdek, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar ham saylovlarda xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish istagini bildirib, Tashqi ishlar vazirligiga murojaat etishi mumkin. Eʼtiborlisi, manfaatdor tashkilotlar oʻz kuzatuvchilari toʻgʻrisida saylov komissiyalariga saylovdan kamida oʻn kun oldin ariza bilan murojaat qilishlari lozim.
Xalqaro saylov standartlarida kuzatuv faoliyatini amalga oshiradigan va tartibga soladigan bir qancha hujjatlar ham qabul qilingan. Xususan, BMTning 2005-yil 27-oktyabrdagi “Saylovlarni xalqaro kuzatish prinsiplari toʻgʻrisida«gi Deklaratsiyasi, YEXHTning Insoniylik mezonlari boʻyicha Kopengagen hujjati, “Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi kuzatuvchilari missiyasi toʻgʻrisida«gi Nizomi, “Shanxay hamkorlik tashkiloti kuzatuvchilari missiyasi toʻgʻrisida«gi Nizomi kabi bir qator hujjatlarda kuzatuvchilar maqomi huquqiy jihatdan tartibga solingan.
Shu oʻrinda yana bir tabiiy savol tugʻiladi: xoʻsh, xalqaro kuzatuvchilar huquq va majburiyatlar nimalardan iborat?
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etadigan kuzatuvchilarni ikki xil toifaga boʻlish mumkin. Birinchisi, xalqaro kuzatuvchilar; ikkinchisi, mahalliy kuzatuvchilar. Kuzatuvchilar instituti saylovlarning ochiq, shaffof, adolatli tarzda oʻtishini kafolatlovchi mexanizm hisoblanadi. MSK akkreditatsiya qilingan xalqaro kuzatuvchiga mandat beradi, mandat esa, xalqaro kuzatuvchi saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish davrida oʻz faoliyatini amalga oshirishi uchun huquqiy asos hisoblanadi.
Saylov qonunchiligiga koʻra, xalqaro kuzatuvchilar quyidagi huquqlarga ega: saylov komissiyalarining majlislarida hozir boʻlish; nomzodlar koʻrsatishga bagʻishlangan yigʻilishlarda, nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarida ishtirok etish; ovozlar sanab chiqilayotganda va saylov komissiyasining bayonnomasi tuzilayotganda hozir boʻlish; saylov natijalari toʻgʻrisidagi hujjatlarning tegishli saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan koʻchirma nusxalarini soʻrash va olish kabi bir qator huquqlardan foydalanishi mumkin.
Shuningdek, xalqaro kuzatuvchilarga quyidagi majburiyatlar yuklatiladi: oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, qonunlariga, jumladan, Oʻzbekistonda boʻlish qoidalariga, saylovni tashkil etish va oʻtkazish borasidagi xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan normalariga amal qilish; barcha darajadagi saylov komissiyalariga, davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga hamda boshqa tashkilotlarga kirganida MSK tomonidan berilgan mandatni shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan birgalikda koʻrsatish; oʻz xulosalarini oʻtkazilgan kuzatuv va haqiqiy materiallar bilan asoslantirish.
Bundan tashqari qonunchilikda xalqaro kuzatuvchilarga saylovchi saylov byulleteniga oʻz belgisini qoʻyayotgan paytda yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida boʻlish; fuqarolarga taʼsir oʻtkazish, biron-bir tashviqot materialini yoki adabiyotni tarqatish; saylovchilardan ular qanday ovoz berganligini surishtirish yoki saylovchilarga saylov byulleteniga belgi qoʻyishda biron-bir tarzda yordam koʻrsatish; saylov komissiyasining faoliyatiga, shu jumladan, saylov qutilarini muhrlashga, ularni ochishga, ovozlarni sanab chiqishga aralashish taʼqiqlanishi belgilab qoʻyilgan.
Shu oʻrinda tahliliy maʼlumotlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, 2021-yil 24-oktyabr kuni boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston Prezidenti saylovida, MSK tomonidan dunyoning turli davlatlarining nufuzli xalqaro tashkilotlari va xorijiy davlatlar saylov organlaridan jami 971 nafar kuzatuvchi akkreditatsiya qilingan. Shuningdek, YEXHTning jami 355 nafar kuzatuvchisi 14 ta saylov okrugida kuzatuvni olib borgan. Mazkur jarayonda MDH va MDH Parlamentlararo Assambleyasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar Parlament Assambleyasi kabi 10 ga yaqin xalqaro tashkilotlardan, 50 ga yaqin xorijiy mamlakatlar saylov organlaridan xalqaro kuzatuvchilar ishtirok etgan.
Muxtasar aytganda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga boʻlib oʻtadigan saylovlarda xalqaro kuzatuvchilar oʻzlariga yuklatilgan vazifa va vakolatlarini, oʻz huquq va majburiyatlarini qonun doirasida, yuksak masʼuliyat hamda vijdonan bajarishi lozim. Bu esa, saylovlarning demokratik asosda ochiq-oshkora oʻtganini xalqaro eʼtirofi sanaladi.
Sherzod Zulfiqorov,
Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi
universiteti professori, ekspert guruhi aʼzosi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring