Xalqaro bolalar allergologlari Toshkentda qanday masalalarni muhokama qildi?

11:53 27 Oktyabr 2022 Jamiyat
635 0

Poytaxtimizda bolalar allergologlarining II Xalqaro ilmiy-amaliy anjumani boshlandi. Unda yurtimizning yetakchi allergolog, dermatolog, pediatr, pulmonologlari bilan birga, Rossiya, Avstriya, Belarus, Ukraina, Qozogʻiston va Tojikiston davlatlaridan tashrif buyurgan olimlar eshtirok etmoqda.

Tadbirda soʻzga chiqqan Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari A.Alimov qayd etganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda mazkur sohani takomillashtirish yuzasidan qator yangilanishlar amalga oshirilmoqda.

Bunda Prezidentimizning 2018-yil 11-maydagi “Allergik kasalliklarni profilaktika qilish, ularga tashxis qoʻyish va davolashni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 25-oktyabrdagi “Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Xalqaro molekulyar allergologiya markazini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarorlari dasturilamal boʻlyapti.

Ushbu hujjatlarga muvofiq, Toshkent tibbiyot akademiyasi hamda Toshkent pediatriya tibbiyot institutida allergologiya va klinik immunologiya kafedrasi tashkil etilishi, ordinaturaga qabul kvotasi oshirilishi, allergologiya va klinik immunologiya mutaxassisligi boʻyicha magistratura yoʻnalishi ochilishi muhim yangilik boʻldi.

Bundan tashqari, 2019-yilda Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi tomonidan ishlab chiqilgan soʻrovnomadan foydalangan holda Oʻzbekistonda 18 yoshgacha bolalar uchun Davlat skrining dasturi amalga oshirildi.

Oʻz navbatida, yurtimizda ilk bor 18 yoshgacha boʻlgan oʻgʻil-qizlar va oʻsmirlar orasida allergik kasalliklarning tarqalishini oʻrganish boʻyicha uch bosqichli tadqiqot oʻtkazildi.

Bolalar allergik kasalliklarining dolzarb muammolariga bagʻishlangan xalqaro anjuman kun tartibidan oʻgʻil-qizlarda astma va allergiya, oziq-ovqat allergiyasi, molekulyar allergologiya, bolalar immunologiyasi, birlamchi immunodefitsitlar, pulmonologiya, dermatologiya, LOR patologiyalari kabi mavzulardagi chiqishlar oʻrin olgan.

Bu orqali kichik yoshli bemorlarda allergik kasalliklarga tashxis qoʻyish va davolashning munozarali masalalari muhokama etilib, fikr va tajriba almashiladi.

Shuningdek, konferensiya doirasida “Bolalarda sigir sutiga allergiya”, “Bolalarda qavarchiqlar” mavzularida mahorat darslari oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер