Xalq vakillarining eʼtiroziga nima sabab boʻlmoqda?

16:26 27 Dekabr 2022 Siyosat
1046 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Soliq va byudjet siyosatining 2023-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqilmoqda.

Mazkur qonun loyihasida 2023-yil uchun soliq siyosatining asosiy yoʻnalishlarida qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha soliq stavkasi pasaytirilishi, aylanmadan olinadigan soliq boʻyicha soliq stavkalarini unifikatsiya qilinishi, mutlaq summalarda belgilangan soliq stavkalarining kutilayotgan inflyatsiya darajasidan kelib chiqib indeksatsiya qilinishi nazarda tutilmoqda.

2023-yil uchun belgilangan soliq siyosatida asosiy soliq stavkalari foyda soligʻining bazaviy stavkasi 15 foiz, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi 12 foiz, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi 1,5 foiz miqdorida oʻzgarishsiz qoldirilyapti.

Shuningdek, tamaki, alkogol va neft mahsulotlari boʻyicha aksiz soligʻi, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qatʼiy belgilangan miqdorlardagi soliq, yer va mol-mulk soligʻi, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari inflyatsiya darajasidan kelib chiqib qariyib 10 foizga indeksatsiya qilinmoqda.

Majlisda qayd etilganidek, qonun loyihasida Prezidentimiz tomonidan tadbirkorlar bilan boʻlib oʻtgan “Ochiq muloqot” doirasida berilgan topshiriqlariga asosan biznes uchun qoʻshimcha yengilliklar berilmoqda. Yaʼni, qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi 15 foizdan 12 foizgacha, jami daromadi ilk marta 1 mlrd. soʻmdan oshgan tadbirkorlik subyektlari uchun 1 yil, jami daromadi ilk marta 10 mlrd. soʻmdan oshgan tadbirkorlik subyektlari uchun esa 2 yil davomida foyda soligʻi stavkasi 2 baravarga pasaytirilmoqda.

Loyihaga koʻra, advokatlik tuzilmalarini qoʻshimcha qiymat soligʻi toʻlovchilariga aylantirishga erishish nazarda tutilmoqda. Bu norma deputatlarning jiddiy eʼtiroziga sabab boʻlmoqda.

Deputatlarning taʼkidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi mamlakatimizda tadbirkorlik muhitining yanada yaxshilanishiga, biznes-yuritish shart-sharoitlarni yaxshilashga hamda aholining farovon yashashiga xizmat qiladi.

Qizgʻin bahs-munozara va savol-javoblardan soʻng qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер