Xalq taʼlimi vaziri 3ta «leptop» olib kelibdi. Ularda pul bor, bizda yoʻq — Gʻaniyev deputatlarda resurslar yetishmasligi haqida
Toshkent besh tashabbus harakati doirasida yoshlar bilan muloqotda qatnashgan Doniyor Gʻaniyev nega bugungi kun yoshlari deputat boʻlishga qiziqmasligi haqida berilgan savolga javob qaytardi.
«Xalq taʼlimi vaziri uchta leptop olib kelibdi deb oʻqib qoldim. Sovgʻa qilib berishdimi? Mana deputat boʻlishni nega xohlashmaydi, vazir boʻlishni xohlashadi. Chunki vazirda leptop olib kelish uchun pul bor, resurs bor, lekin bizda yoʻq. Eng qizigʻini aytaymi, oʻsha vazir olib kelgan noutbuk pulini biz tasdiqlab beramiz. Boʻzchi belboqqa yolchimas degan gap bor-ku. Deputatlar vazirliklarga pulni taqsimlab beramiz-u, lekin oʻzimizda pul ham, resurs ham yoʻq. Eng achinarlisi vazirlardagi bor bitta yordamchimiz ham yoʻq.
Endi masalaga obyektiv-subyektiv yondashadigan boʻlsak, bu mamlakatning eski davridagi siyosati bilan bogʻliq. Mamlakatda uzoq yillarda siyosiy erkinlik, soʻz erkinligi boʻlmagani uchun, parlament ham tizimga nomiga legal status berish uchun ham mavjud boʻlgan, lekin hech qanday funksional vazifalarini bajarmagan. Mana soʻnggi yillarda bu bosqichma-bosqich oʻzgarib boryapti. Mana hozir Rasul Kusherboyevni tanimaydigan, unga oʻxshashni istamagan yoshlar deyarli yoʻq. Hamma ulardek deputat boʻlishni istaydi.
Ikkinchi tomondan yoshlar, aholining oʻziga ham bogʻliq. Bir gap boshlasang, bizda “oʻchir ovozingni, siyosatga aralashma”, deyishadi. Lekin oltin qoida borki, siz siyosatga aralashmasangiz, siyosat sizning hayotingizga aralashadi. Deputat degani bu qandaydir mansab emas, deputat bu ishonch degani, mamlakat odamlarining vakili sifatida siyosiy jarayonlarga qatnashish degani. Odamlarimiz ongida siyosat yovuz kuch, siyosat kir oʻyinlar sifatida emas, balki bu har bir fuqaro ishtirok etishi kerak boʻlgan jarayon ekanligini tushunsak, siyosiy ongimiz ham oshadi va shunda deputat boʻlishga ishtiyoq ham oshib boradi. Bularning barchasi uchun vaqt kerak albatta», dedi Gʻaniyev.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring