“Xalq soʻzi”dagi tanqidiy chiqishdan soʻng tadbirkorga bir milliard 600 million soʻm miqdoridagi mablagʻ toʻlab berildi. Ammo...
Foto: Халқ сўзи
Joriy yilning avgustida “Xalq soʻzi” gazetasi va gazetaning rasmiy saytida Gʻijduvon tumanidagi “Shukur Toʻxta” fermer xoʻjaligi duch kelgan muammolar haqida “Rang koʻr, hol soʻr” va “Koʻrpasiga qarab oyoq uzatmagan banklar nega tadbirkorni sarson qilmoqda?” sarlavhali tanqidiy maqolalar eʼlon qilingan edi.
Gap shundaki, mazkur fermer xoʻjaligi davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga muvofiq “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida koʻplab kam taʼminlangan oilalarga bank kafolat xati asosida zotdor chorva mollari yetkazib bergan, ammo bir qator moliyaviy muassasalar pulni vaqtida toʻlamay, tadbirkor chorvadorni sarson – sargardon qilishayotgan edi.
Tanqidiy maqoladan soʻng bu muammo yechimini Buxoro viloyati hokimi B. Zaripov oʻz nazoratiga oldi. Viloyat hokimligi saʼy-harakati, qatʼiyati bilan “Shukur Toʻxta” fermer xoʻjaligining muammosi hal etildi. Xoʻjalik hisob raqamiga hozirgacha qarzdor banklar tomonidan jami 1 milliard 600 million soʻm miqdoridagi mablagʻ koʻchirib berildi. Shu tariqa naslli chorvachilik bilan mashgʻul fermer xoʻjaligining mushkuli yechim topdi. Xoʻjalik ish yurituvchisi Amon Toʻxtayev goh u tuman, goh bu tuman markazi yoki Buxoro shahridagi banklar eshigiga borib, “Halol mehnat evaziga topgan pulimizni beringlar”, deyish tashvishidan xiyla qutildi. Aksincha, unda xoʻjalik faoliyatini kengaytirish, ishchilarga oʻz vaqtida maosh berish, muhimi, chorvachilik ravnaqiga hissa qoʻshish imkoniyati yuzaga keldi. Jumladan, u tahririyat bilan bogʻlanib, ayni damda Rossiyada xizmat safarida ekanini, naslli chorva mollari olib kelish yuzasidan kelishuvlarga erishayotganini bildirdi.
Yuqorida “xiyla” degan iborani ishlatishimiz bejiz emas. Tadbirkorning taʼkidlashicha, qarzdorlik masalasi hali kun tartibidan batamom tushgan emas.
– Qoʻshni Navoiy viloyati Qiziltepa tuman “Mikrokreditbank”ning kafolat xati asosida shu tumanda yashovchi Shahodat Shukurova va Jasur Salimovga jami 54 million 480 ming soʻmga naslli chorva mollari berganmiz, – deydi A. Toʻxtayev. – Ammo oradan yetti oy oʻtdi hamki, bu mablagʻni ololganimiz yoʻq. Pulimizni soʻrab borsak, bank mutasaddilari turli bahonalarni roʻkach qilishadi, quruq vaʼda berib, qoʻynimizni puch yongʻoqqa toʻldirishadi. Vaholanki, kafolat xatlarida pulni nari borsa oʻn yoki yigirma bank ish kunida oʻtkazib berish ochiq-oydin qilib yozib qoʻyilgan.
Darhaqiqat, “Mikrokreditbank” ATB Qiziltepa filiali boshqaruvchisi A. Sharipov imzosi bilan berilgan kafolat xatlarida chorva mollari yetkazilgan kundan boshlab 10 (oʻn) bank ish kuni mobaynida pul toʻliq oʻtkazib berilishi kafolatlanishi aytilgan. Lekin mana, bir emas, ikki emas, yetti oy oʻtibdi hamki, puldan darak yoʻq. Shu oʻrinda savol tugʻiladi: “Janob boshqaruvchi, xodimlaringizga maoshlarini yetti oy davomida toʻlamasangiz, ularning qay ahvolga tushishlarini tasavvur qila olasizmi? Axir, fermer xoʻjaligi aʼzolari ham ne-ne umidlar bilan halol mehnat qilishmoqda. Siz berishni kafolatlayman, degan oʻsha 54 million soʻm mablagʻ ularning ona sutidek halol pullari emasmi?”
– Ovoragarchilikdan zada boʻlgach, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qiziltepa tuman Xalq qabulxonasiga murojaat qildim, – davom etadi A. Toʻxtayev. – Shundan soʻng Markaziy bankning Navoiy viloyati boshqarmasi va “Mikrokreditbank” Navoiy viloyati mintaqaviy filialidan javob xatlari keldi. Ularni oʻqib, yigʻlashni ham, kulishni ham bilmaysan, kishi. Birida bizga bank tomonidan ajratilayotgan imtiyozli kreditlar va hujjatlarni rasmiylashtirish boʻyicha tushunchalar berilgani aytilsa, ikkinchisida kredit arizalari oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari yagona elektron platformasi orqali qabul qilinishi belgilangani, fuqarolar nomiga falon sayt orqali arizalari ijobiy qanoatlantirilganidan soʻng kredit mablagʻlari ajratilishi aytilgan. Xoʻp, shunday ekan, unda nega “Mikrokreditbank” Qiziltepa tuman filiali bizga mahsulotni yetkazganingdan keyin oʻn ish kunida pulingni koʻchirib beraman deb kafolat xati berdi?
Taassufki, har ikkala xatda ana shu savolga javob yoʻq.Qolaversa, Buxoro viloyatidagi tijorat banklari kafolat xatlari asosida fermer xoʻjaligi pullarini toʻlab berishdi-ku. Nima, qoʻshni Navoiy viloyatida bank tizimi sohasida tamoman boshqacha tartib oʻrnatilganmi?! Shunday ekan, haqli savol tugʻiladi: fermer xoʻjaligiga tegishli mablagʻni berish qachongacha paysalga solinadi?
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring