“Xalq soʻzi” uchun maxsus: Kanada kon-metallurgiya kompaniyalari Oʻzbekistonda yirik konlarni oʻzlashtirishga qiziqish bildirmoqda

03:57 03 Fevral 2022 Siyosat
776 0

Foto: Oʻzbekistonning AQSHdagi elchixonasi

Oʻzbekistonning AQSH va Kanadadagi elchisi Javlon Vahobov, Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi raisining oʻrinbosari Aʼzam Qodirxoʻjayev Vankuverda oʻtkazilgan “Oʻzgaruvchan va murakkab iqlim sharoitida kon-metallurgiya sanoati: mintaqaviy tendensiyalar, innovatsiyalar va imkoniyatlar” mavzusidagi XI xalqaro onlayn konferensiyada ishtirok yetdi.

Mamlakatimizning AQSHdagi elchixonasi tomonidan “Xalq soʻzi”ga maʼlum qilinishicha, tadbirda Kanada konchilik assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Ben Chalmers, Britaniya Kolumbiyasi provinsiyasi Foydali qazilmalarni qidirish assotsiatsiyasi rahbari Kendra Jonston, Kanadaning Rossiya va Yevroosiyodagi biznes-assotsiatsiyasi (CERBA) raisi Jil Breton, Navoiy viloyatidagi konlarda qidiruv ishlarini olib borayotgan “B2Gold” kompaniyasi vitse-prezidenti Neyl Rider, Qozogʻiston, Rossiya, Moʻgʻulistonning kon-metallurgiya sanoati uchun masʼul vazirlik va idoralar rahbarlari, shuningdek, Kanadaning 40 dan ortiq kompaniyasi vakillari ishtirok etdi.

Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi raisining oʻrinbosari Aʼzam Qodirxoʻjayev Oʻzbekistonda kon-metallurgiya sanoatiga zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish obyektlarini modernizatsiya qilish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini taʼkidladi. Oʻzbekistonda kelgusi 5 yil davomida foydali qazilmalar zaxiralarini qidirish dasturi tasdiqlangani, shuningdek, 2023-yilda “Yoshlik-1” koni negizida yiliga 60 million tonnaga yaqin rudani qayta ishlash quvvatiga ega yangi misni qayta ishlash zavodi ishga tushirilishi rejalashtirilgani maʼlum qilindi.

Oʻzbekistonda investitsiya muhitini yaxshilash borasida muayyan saʼy-harakatlar amalga oshirilayotgani, xususan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Jahon banki, Boston konsalting guruhi va boshqa boshqaruv-konsalting kompaniyalarining xalqaro maslahatchilari jalb etilayotgani alohida qayd etildi.

“B2Gold” vitse-prezidenti Neyl Rider Oʻzbekiston foydali rudalar qazib olishning taʼsirchan tarixiga ega boʻlgan dunyoga mashhur konchilik yurisdiksiyasi ekanini taʼkidladi. “Oʻzbekiston kuchli va oʻsib borayotgan iqtisodiyotga ega. Hukumat bozor iqtisodiyoti sari odimlar ekan, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, jumladan, kon-metallurgiya sohasini yanada rivojlantirishga eʼtibor qaratmoqda”, dedi Neyl Rider.

“B2Gold” vakilining aytishicha, kompaniya geologiya-qidiruv ishlari uchun soʻnggi uch mavsumida Oʻzbekistonga 10 million AQSH dollaridan ortiq sarmoya kiritdi va 2022-yilda ushbu maqsadlar uchun tasdiqlangan byudjet qariyb 6 million dollarni tashkil etadi. Neyl Rider Oʻzbekiston hududi hali toʻliq oʻrganilmaganini, bu yoʻnalishda Oʻzbekiston-Kanada hamkorligini rivojlantirish uchun ulkan salohiyat mavjudligini bildirdi.

Mamlakatimiz diplomatiya missiyasiga koʻra, konferensiyada, shuningdek, Kanada abadiy muzlik assotsiatsiyasi, Tabiiy resurslar vazirligi huzuridagi Kartografiya va yerni kuzatish markazi, Konchilik assotsiatsiyasi, Britaniya Kolumbiyasi Foydali qazilmalarni qidirish assotsiatsiyasi va boshqa kon-metallurgiya sanoati tashkilotlari hamda kompaniyalari rahbarlari tajriba almashish bilan bir qatorda Kanada kompaniyalariga Yevroosiyo mamlakatlari kon-metallurgiya sohasiga koʻproq investitsiya yoʻnaltirishni tavsiya qildi.

Eslatib oʻtamiz, 2011-yildan buyon oʻtkazib kelinayotgan Vankuver xalqaro kon-metallurgiya sanoati konferensiyasi Kanada va Yevroosiyo mamlakatlari oʻrtasida aloqalarni rivojlantirish, yangi biznes hamkorlarni topish va savdo-sotiqni ragʻbatlantirish uchun anʼanaviy platforma hisoblanadi. Anjuman Kanada tashqi ishlar vazirligi va CERBA qoʻllab-quvvatlovi ostida oʻtkaziladi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер