“Xalq soʻzi” gazetasining bugungi sonida nimalar eʼlon qilindi?
Arxiv foto
1. Davlatning davlatligi, xalqning xalqligi qiyin paytlarda bilinadi. Afsuski, 2020-yil juda ogʻir keldi. Koronavirus balosi, u keltirgan ijtimoiy-iqtisodiy inqiroz yetmaganidek, bir hafta ichida Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida tabiiy-texnogen ofatlar roʻy berdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ikkala joyga ham zudlik bilan yetib borib, vaziyatni oʻz nazoratiga olgan edi. “Sabr qilib, ogʻirlikni yelkamizga olib, chidashimiz kerak. Bironta xonadon, bironta odam eʼtiborsiz qolmaydi”, degan edi Prezident oʻshanda.
Sardoba suv ombori toʻgʻonining yorilishi oqibatida 2 ming 211 ta xonadon yaroqsiz va 2 ming 499 tasi taʼmirtalab holatga kelib qolgan edi. Davlatimiz rahbari oʻshanda bu ahvolni koʻrib, vayron boʻlgan mahallalarni nafaqat oldingi holatiga qaytarish, balki undanda yaxshi qilish, hammaning havasi keladigan maskanga aylantirishga vaʼda bergan edi. Shu maqsadda uchta hudud tanlanib, 50 gektar maydonda 86 ta 5 qavatli uy-joy barpo etildi. Xususan, Sardoba tumani Doʻstlik mahallasida 37 ta, Mirzaobod tumani Haqiqat mahallasida 40 ta hamda Oqoltin tumani Navbahor mahallasida 9 ta uy-joy qurildi. Ularda jami 2 ming 640 xonadon bor.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu bunyodkorlik ishlari bilan tanishish maqsadida 13-oktyabr kuni yana Sirdaryo viloyatiga keldi. Gazetamizda ana shu tashrifning toʻliq tafsilotlari bilan tanishishingiz mumkin.
2. Jamiyatimizda ayollar va yoshlarning rolini oshirish uchun birinchi galda ularga malaka berish, bandligini taʼminlash zarur. Bu vazifani samarali va sifatli bajarmasdan ayollar va yoshlar manfaatlari bilan bogʻliq ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy masalalarni tizimli hal etish imkoni boʻlmaydi.
Mahalla, tuman, shahar va viloyat kesimida “yoshlar daftari” va “ayollar daftari” shakllantiriladigan boʻldi. Bunday daftarlarni tashkil etishdan maqsad-muddo ne? Yoshlar va ayollar bandligini taʼminlashda ular qanchalik foyda beradi? Mazkur savollarga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari, OʻzXDP fraksiyasi rahbari Ulugʻbek Inoyatovning “Kambagʻallikni qisqartirish taktikasi” sarlavhali maqolasini oʻqib javob olishingiz mumkin.
3. Joriy yil Samarqand davlat universiteti tarix fakultetining professori, tarix fanlari doktori Farhod Nabiyev “Ijtimoiy nazorat” fanidan darslik yaratdi. Mazkur darslik kimlarga moʻljallangan, uning amaliy ahamiyati nimada? Gazetada eʼlon qilingan akademik A. Asqarovning “Ijtimoiy nazorat — barqarorlikning muhim sharti” sarlavhali maqolasida ana shu savollarga atroflicha javob berilgan.
4. Ohangaron tumanida katta imkoniyatlar boʻla turib, ulardan samarali foydalanish, sohalarni rivojlantirish, ayniqsa, sanoatni, chorvachilikni taraqqiy ettirish borasida sustkashliklarga yoʻl qoʻyilayotir.
Bu haqda yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati ishchi guruhi ishtirokida oʻtkazilgan xalq deputatlari Ohangaron tumani kengashi sessiyasida aytib oʻtildi. Sessiyada ushbu muammo va kamchiliklarni bartaraf etish uchun qanday taklif va tashabbuslar ilgari surilganiga qiziqyapsizmi, u holda “Xalq soʻzi” muxbiri Shodiyor Mutaxarovning “Ohangarondagi sustkashliklarning sababi nimada?” sarlavhali maqolasini oʻqishni tavsiya qilamiz.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring