Xalq muammosi – haq muammo
Foto: Халқ сўзи
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya Vazirligining “Ochiq byudjet” axborot portali hududlar ijtimoiy-iqtisodiy hayotida yigʻilib qolgan koʻplab muammolarning ijobiy yechimida adolatli yondashuvni taʼminlamoqda. Xususan, Andijon viloyati Marhamat tumanida joriy yilning 5-martidan 1-apreligacha boʻlib oʻtgan ochiq ovoz berish jarayonida ishtirok etgan 11 ta taklif gʻolib, deb topildi.

— Har qanday ota-ona bolasini eng yaxshi maktabgacha taʼlim tashkilotida tarbiyalanishini xohlaydi, — deydi marhamatlik Barnoxon Isomiddinova. — Bizning “Doʻstlik” MFYda joylashgan 15-MTTdagi shart-sharoitlar koʻp ota-onalarning eʼtirozlariga sabab boʻlayotgandi. Bogʻchaga bolalar maydonchasi, yozgi basseyn, oshxona, hojatxona va koʻmirxona qurish toʻgʻrisidagi taklifim 2 ming 395 ta ovoz bilan gʻolib, deb topildi. Farzandlarimiz kelajagi va manfaatlariga xizmat qiluvchi yangi imkoniyatlar yaratilishidan xursandmiz.

Bundan tashqari ovoz berish yakunlariga koʻra, tumandagi 20-, 27-, 24-, 37-umumtaʼlim maktablarida, Ahmadali hoji, Oq terak-2 qabristonlarida, “Oʻzbekiston” MFY idorasida taʼmirlash va bunyodkorlik ishlari amalga oshiriladigan, «Shoʻrqaqir» MFYga 6 km masofaga gaz quvuri tortiladigan boʻldi.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring