“Xalq banki”dan 100 ming dollarni kim oʻgʻirlagan edi?
“Xalq banki”ning Yozyovon filialidan 100 ming dollarni kim oʻgʻirlagan edi?
Fargʻona viloyati Yozyovon tumanidagi AT “Xalq banki” filialining valyuta saqlash seyfidan 100 ming AQSH dollarini talon taroj qilgan bank boshqaruvchisi va ikki nafar xodimiga sud hukmi oʻqildi.
Bu haqda OʻzA muxbiriga jinoyat ishlari boʻyicha Fargʻona viloyat sudi sudyasi B.Vahobov va jinoyat ishlari boʻyicha Yozyovon tuman sudi raisi B. Haydarov maʼlum qildi.
Bugun mamlakatimizning eng chekka hududlarida ham zamonaviy bank xizmatlari koʻrsatish yoʻlga qoʻyilgan. Mazkur sohada fidoiylik, halollik bilan mehnat qilayotgan xodimlar juda koʻp. Biroq, guruch kurmaksiz boʻlmaganidek, soha xodimlari orasida nafs kuyiga tushib, jinoyat sodir etganlar ham uchrab turibdi.
AT “Xalq banki” filialining boshqaruvchisi vazifasini bajaruvchi Sarvar Tursunbayev, bosh hisobchi Bahrom Tillayev, kassa mudiri Gulnora Utanovalar oʻz kasbiga xiyonat qilib, bir qator jinoyatlarni sodir etdi.
AT “Xalq banki” Fargʻona viloyat filialining 2018-yil 24-oktyabrdagi buyrugʻi bilan AT “Xalq bank” Yozyovon filiali boshqaruvchisi vazifasini bajaruvchi lavozimiga tayinlangan S.Tursunbayev, bosh hisobchi B.Tillayev va kassa mudiri G.Utanovalar 2019-yil 25-yanvar kuni AT “Xalq bank” Fargʻona amaliyot boʻlimi tomonidan AT “Xalq bank” Yozyovon filialiga kelgan 300 ming AQSH dollarini qabul qilib olgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining qarori bilan tasdiqlangan “Tijorat banklarida kassa ishini tashkil etish, naqd pul va boshqa qimmatliklarni inkassatsiya qilishga doir yoʻriqnoma”ga amal qilinmasdan S.Tursunbayev va B.Tillayevlar oʻzlariga biriktirilgan bankning naqd pul va boshqa qiymatliklarni saqlash omboriga tegishli kalit va muhrlarini kassa mudirasi G.Utanovaga topshirib qoʻygan.
Kassa mudirasi G.Utanova bank boshqaruvchisi vazifasini bajaruvchi S.Tursunbayev, bosh hisobchisi B.Tillayevlarga biriktirilgan kalit va lavozim muhrlari bilan omborxona eshigining kalit va muhrlarini oʻzida saqlagan. Bankning moddiy javobgar shaxslari pul omborini yopishdan avval naqd pullar va boshqa qimmatliklarning but saqlanayotganligini, ularning hisobi toʻgʻri yuritilayotganligini hamda balansdagi maʼlumotlarni, kassa kitoblaridagi yozuvlarni va haqiqatda mavjud boʻlgan naqd pullar, qimmatliklar qoldiqlariga mos kelishini tekshirib koʻrishlari shart deb belgilangan. Ammo AT “Xalq bank” Yozyovon filiali bank boshqaruvchisi vazifasini bajaruvchi S.Tursunbayev va bosh hisobchisi B.Tillayevlar kassa mudirasi G.Utanovaga yoʻriqnomaning talablarini buzib, kitoblarga moddiy javobgar shaxslar S.Tursunbayev va B.Tillayevlarni nomlaridan imzolarni oʻxshatish yoʻli bilan bajarib kelishiga ruxsat bergan. Kassa mudiri G.Utanova turli shakldagi kitoblarni mansabdor shaxslar nomidan toʻldirib, ularning imzolarini oʻxshatish yoʻli ishni bajarib kelgan.
2019-yil 25-yanvar kunidan 2019-yil 5-fevral kuniga qadar AT “Xalq bank” Yozyovon filiali bank boshqaruvchisi vazifasini bajaruvchi S.Tursunbayev, bosh hisobchisi B.Tillayevlar moddiy javobgarligi ostida boʻlgan AT “Xalq banki” Yozyovon filial balansining hisob raqamida jami 218 ming 300 AQSH dollaridan 840 million 153 ming soʻmga teng boʻlgan 100 ming AQSH dollarini rastrata qilish yoʻli bilan, kassa mudirasi G.Utanova oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qiladi. Kelgusida tergov va sud idoralarini ular tomonidan sodir etilgan jinoyatni fosh etilishiga yoʻl qoʻymasdan chalgʻitish maqsadida 2019-yil 5-fevral kuni soat 20:00 da AT “Xalq banki” Yozyovon filialida 100 ming AQSH dollari kamomadi kelib chiqqanligi haqida Yozyovon tuman IIBga xabar berganlar. Albatta, bu hiyla ish bermadi hamda ularning qilmishlari fosh etildi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Yozyovon sudi tomonidan mazkur jinoyat ishi koʻrib chiqilib, S. Tursunbayevga 5 yil ikki oy, B.Tillayev va G. Utanovaga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish va har birlariga ikki yil moddiy javobgarlik va mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlandi. AT “Xalq banki” Yozyovon filialiga yetkazilgan 100 ming AQSH dollarini soʻmdagi qiymati 862 million 451 ming soʻmni sudlanuvchilardan solidar tartibda undirilishi belgilandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring