Xay-tek markazi yurtimizga nechog‘li foyda keltiradi?
Xitoyning Xuan muzofotida joylashgan Chansha ushbu mamlakatning eng rivojlangan 20 ta shaharlaridan biri hisoblanadi. Bu yerdagi Xay-tek milliy sanoat rivojlanish markazi hukumat tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, davlat tasarrufida faoliyat yuritsa-da, 25 mingga yaqin xususiy kompaniyalarni o‘zida birlashtirgan. Hozirgi kunda mazkur kompaniyalarning xorijda 22 ta vakolatxonasi faoliyat yuritmoqda.
— Xitoy qirq yildan buyon ilmiy-tadqiqotlar natijalarini sanoatga joriy qilish bilan shug‘ullanib kelmoqda va bizda bu sohada katta tajriba bor, – deydi Innovatsion rivojlanish vazirligida bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida Xay-tek milliy sanoat rivojlanish zonasining bosh direktori o‘rinbosari Chen Datsin. — O‘z tajribalarimizdan kelib chiqqan holda hamkorlikda innovatsion sanoat parkini yurtingizda tashkil qilinishi har ikki tomon uchun ham manfaatli hisoblanadi. Biz O‘zbekistonga nafaqat yangi texnologiyalarni, balki innovatsiyalarni tatbiq qilish tajribasiga ega bo‘lgan boshqaruvchilarni, malakali kadrlarni ham olib kirish orqali hamkorligimizda yuksak samaralarga erishishni ko‘zlaganmiz.
Muloqot chog‘ida Chen Datsin boshchiligidagi 11 kishidan iborat delegatsiya a’zolari ham mavjud shart-sharoitlardan kelib chiqqan holda xorij tajribasidan foydalanish zarurligini ta’kidlashdi. Do‘stona ruhda o‘tgan muzokaralar natijasida tomonlar hamkorlikning “Yo‘l xaritasi“ni tuzishga kelishib oldilar. Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov o‘z navbatida mehmonlarga yurtimizda ilmli, o‘z sohasini yaxshi biladigan mutaxassislar ilm-fan yutuqlarini tijoratlashtirish bo‘yicha yetarli tajribaga ega emasligini qayd etib, xitoylik investorlar bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.
Shoyim BO‘TAYEV.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring