“Xafa boʻlish yoʻq” va boshqalar. Oʻzbekistonda eng ommabop telekanallar va dasturlar reytingi eʼlon qilindi
“Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan joriy yilning 5—15-mart kunlari Oʻzbekistonda eng ommabop milliy televizion manba va formatlarni aniqlash maqsadida fuqarolar oʻrtasida jamoatchilik fikri soʻrovi oʻtkazildi. Unda respublika boʻyicha jami 6 467 nafar fuqarolar ishtirok etdi. Soʻrovda shahar va qishloq joylaridagi turli yosh va kasb egalari qamrab olindi.
Tadqiqot davomida fuqarolarning milliy telekanallarga boʻlgan munosabati bilan qiziqildi. Xususan, ularning oxirgi paytlarda milliy telekanallarga nisbatan munosabati qay tarzda oʻzgargani oʻrganildi. Yaʼni, soʻralganlarning 2 236 nafarining (34,6 foizi) munosabati oʻzgarmagan, 2 155 nafari (33,3 foizi) koʻproq koʻrishni boshlagan, 2 076 nafari (32,1 foizi) kamroq koʻra boshlagan.
Soʻrov davomida televizorni kamroq koʻrishni boshlaganlardan buning sababi nimada ekanligi soʻraldi. Soʻrovda ishtirok etganlarning deyarli yarmi ushbu savolga televizor koʻrishga vaqtlari yoʻqligi (24,7 foizi) hamda maʼlumot olishda telefondan foydalanishlarini (24,5 foizi) bildirganlar. Qolganlar esa televideniyening qiziq emasligi, yolgʻon maʼlumot, targʻibotning va reklamalarning koʻpligi kabi sabablarni bildirganlar.
Bundan tashqari, soʻralganlarning aksariyati, yaʼni 44,5 foizi (2 881 nafar) milliy telekanallarni doim koʻrishini, 40,3 foizi (2 605 nafari) baʼzida koʻrinishini hamda 15,2 foizi (981 nafar) milliy telekanallarni umuman koʻrmasligini bildirganlar.
Oʻtkazilgan jamoatchilik fikri soʻrovi natijasida fuqarolar odatda qaysi milliy telekanallarni koʻproq koʻrishlari bilan qiziqib, shu orqali telekanallarning qamrov boʻyicha reytingi tuzildi. Mazkur savolda respondentlarga 18 ta davlat va xususiy telekanallar roʻyxati, shuningdek hududiy telekanallar va “men milliy telekanallarni umuman koʻrmayman” kabi javob variantlari taqdim etildi.
Respublika boʻyicha oʻtkazilgan, 6 400 dan ziyod fuqarolar ishtirok etgan soʻrov natijalariga koʻra, milliy telekanallarning kuchli beshligi shakllantirildi. Eʼtiborlisi, uning barcha oʻrinlarini xususiy telekanallar egalladi. Joylashuv tartibi quyidagicha: 1-oʻrin — Zoʼr TV (11,8 foizi), 2-oʻrin — Sevimli (9,6 foizi), 3-oʻrin — My5 (9,4 foizi), 4-oʻrin — Milliy TV (6,9 foizi), 5-oʻrin — Futbol TV (6,8 foizi).
Shuningdek, fuqarolarning milliy telekanallar orqali efirga uzatiladigan koʻrsatuv va dasturlar haqidagi fikrlari ham oʻrganildi. Maʼlum boʻlishicha, fuqarolar bugungi kunda koʻproq televideniye orqali yangiliklar, axborot dasturlarini koʻradilar (12,1 foizi), shuningdek teleseriallar (11,4 foizi) hamda “Zoʼr TV” telekanali orqali efirga uzatiladigan “Xafa boʼlish yoʼq” koʻrsatuvini koʻproq koʻrishlari maʼlum boʻldi.
Hududingizdagi yoki mamlakatdagi oxirgi yangiliklarni odatda qayerdan eshitasiz, degan navbatdagi savolga respondentlar asosan “My5” (19,4foizi) va “Sevimli” (17,6 foizi) telekanallarini koʻrsatganlar. Shuningdek, ularning 16,4 foizi soʻnggi yangiliklar haqida televideniye orqali emas, balki boshqa manbalar orqali bilib olishlarini koʻrsatganlar. Eʼtiborli jihati, fuqarolar avvalgi savolda milliy telekanallar orqali asosan yangilik, axborot dasturlarini koʻrishlarini bildirgan boʻlsalar, mazkur bandda ular bu maqsadda xususiy TV va boshqa manbalarni afzal koʻrishlari maʼlum boʻldi. Ushbu roʻyxatning keyingi oʻrinlarida “Oʼzbekiston 24” telekanali, hududiy telekanallar va boshqalar qayd etilgan.
Shuningdek, soʻrov davomida fuqarolar orasida turli telekanallarning axborot dasturlari mashhurligi oʻrganildi. Unga koʻra, 1-oʻrin — “Markaziy studiya” (My5); 2-oʻrin — “Zamon” (Sevimli); 3-oʻrin — “Axborot 24” (Oʼzbekiston 24), 4-oʻrin — “UzReport news” (Uzreport TV); 5-oʻrin — “Davr” (Yoshlar).
Soʻrov yakunida fuqarolardan qachondir boshqa bir axborot manbasini yoki qiziqishni afzal koʻrib televideniyedan voz kechishi ehtimoli haqida soʻralganda, respondentlarning 42 foizi bunday boʻlishi mumkin emasligini, yaʼni axborot manbasi sifatida televideniyening oʻrni katta ekanligini, 36,7 foizi esa bunday boʻlishi mumkinligini bildirganlar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring