Kelgusida davlat zaxirasiga xarid qilinadigan gʻalla ham faqat birjadan sotib olinadi — Prezident
Foto: president.uz
Prezident huzurida gʻallachilikdagi islohotlarning eng muhim bosqichiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtmoqda. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
«Barcha hokimlar bir narsani aniq tushunib olishi zarur. Nima uchun biz fermerni birjaga olib chiqayapmiz? Fermer birjaga chiqib, oʻzi gʻallasini mustaqil sotsa, uning daromadi oshadi, oʻz mehnati natijasidan rozi boʻladi.
Kelgusida davlat zaxirasiga xarid qilinadigan gʻalla ham faqat birjadan sotib olinadi», dedi Prezident yigʻilishda.
Mutasaddilarga ikki hafta muddatda bugʻdoy yetishtiruvchi fermer va klasterlarni birjadan roʻyxatdan oʻtkazish hamda brokerlarni biriktirib, oʻqitishni tashkil qilish topshirildi.
Bunda fermerlar 2022-yil bugʻdoy hosili uchun birja toʻlovlaridan ozod qilinadi.
Joriy yil jami gʻalla hosili uchun 7,6 trillion soʻm ajratiladi. Yangi tizimni toʻlaqonli, adolatli va ochiq-oshkora ishlab ketishi, har bir soʻm fermer va klasterga oʻz vaqtida, toʻliq yetib borishi, narx-navoni oʻsishi va taqchillikni oldini olish boʻyicha “kunbay” nazorat tizimi joriy qilinadi.
Buning uchun Bosh prokuror boshchiligida Respublika shtabi tashkil etiladi. Hududiy shtablarga viloyat hokimlari va prokurorlari rahbarlik qiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring