Kelgusi yilda Samarqand shahrida bank boshqaruvchilarining navbatdagi yillik yigʻilishi oʻtkaziladi
Foto: president.uz
16-noyabr kuni “Koʻksaroy” qarorgohida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xorijiy investorlar kengashining birinchi yalpi majlisi hamda YI va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlik boʻyicha Samarqand konferensiyasida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso bilan uchrashuv oʻtkazdi.
YTTB bilan samarali hamkorlikning joriy holati va uni kengaytirish istiqbollari koʻrib chiqildi.
Davlatimiz rahbari oxirgi olti yilda Oʻzbekistonning ushbu nufuzli moliyaviy instituti bilan aloqalari misli koʻrilmagan darajaga koʻtarilganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Bank ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirishda Oʻzbekistonning asosiy hamkorlaridan biridir.
Uchrashuvda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy qilish, xususan, energetika, transport-logistika, sogʻliqni saqlash, taʼlim, uy-joy kommunal xoʻjalik sohalarida DXSH loyihalarini amalga oshirish, “yashil” taraqqiyot, xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash kabi ustuvor yoʻnalishlarda oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Odil Reno-Basso yurtimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yuksak baholadi hamda sermahsul sheriklikni kengaytirishga tayyorligini bildirdi.
Kelgusi yilda Samarqand shahrida bank boshqaruvchilarining navbatdagi yillik yigʻilishini oʻtkazishga tayyorgarlikning amaliy jihatlari ham muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida mamlakatimizning YTTB bilan hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan aniq tadbirlardan iborat “yoʻl xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring