Kelgusi yil byudjeti deputatlarda eʼtiroz uygʻotdi
Xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasi boʻlib oʻtdi. Unda mahalliy byudjetning 2021-yildagi ijrosi, shuningdek, hudud salohiyatidan kelib chiqqan holda mahalliy byudjet daromadlarining qoʻshimcha manbalarini shakllantirish va 2022-yilgi mahalliy byudjetni tasdiqlash toʻgʻrisidagi masalalar yuzasidan Navoiy viloyat moliya bosh boshqarmasi boshligʻi Dilshod Ochilovning maʼruzasi tinglandi.
Taʼkidlanishicha, viloyat mahalliy byudjetining 2021-yildagi ijrosi Oʻzbekiston Respublikasining “2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashining tegishli qarorida belgilangan koʻrsatkichlar doirasida bajarilishi taʼminlangan. Chunonchi, mahalliy byudjetning daromadlar rejasi 126,6 foizga bajarilib, byudjetga qoʻshimcha ravishda 403,5 milliard soʻm mablagʻ tushirilishiga erishildi.
Mahalliy hokimlik organlarining moliyaviy mustaqilligini taʼminlash maqsadida 2021-yilda mahalliy byudjetlarning oshirib bajarilgan qismi hisobidan 35,9 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻ tuman va shahar hokimlari ixtiyorida qoldirildi.
Sessiyada mahalliy byudjetning 2022-yilgi parametrlari deputatlarning qizgʻin bahs-munozaralariga sabab boʻldi. Xususan deputat Q. Boʻriyev kelgusi yil dasturiga eʼtibor qaratib, Navoiy shahridagi 1,5-2 ming oʻrinli 1-, 16- va 8- maktablarda 2,5-4 ming nafargacha bola oʻqiyotgan bir paytda kelgusi yilda viloyat boʻyicha bor-yoʻgʻi 150 oʻquvchi oʻrinli maktab qurish rejalashtirilayotganiga izoh soʻradi. Shuningdek, Gʻozgʻon shahridagi ijtimoiy infrastrukturaning bugungi ahvoli hudud ahlining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlayotganligi taʼkidlandi.
Sessiyada, shuningdek, viloyatda xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari hamda 2022-yilga moʻljallangan Investitsiya dasturi hamda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirish toʻgʻrisidagi masalalar koʻrib chiqildi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashining qarorlari qabul qilindi.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring