“Kecha qalb sokin edi, tolib edi, diqqatga moyil edi”. Aziz Said bilan suhbat

12:16 07 Yanvar 2020 Madaniyat
2572 0

Adabiyotning bosh vazifasi haqidagi bahslar hamma davrda boʻlgan. Bugun adabiyotga “qalb tarbiyasi” vositasi sifatida qaralyapti. Bu shoʻrolar kashf etgan yoki adabiyotga kommunistlar yuklagan vazifamas. Qalb tarbiyasi muhim masala ekanini hayotning oʻzi koʻrsatib turibdi. Chunki kitob oʻqiydigan, undan taʼsirlana oladigan odamlar hozir juda kam...

– Qalb tarbiyasi degan masala bugun koʻndalang boʻlayotgani yoʻq. Odamzod ijod qila boshlaganidan buyon adabiyot, sanʼat, musiqa ana shu maqsadga xizmat qilyapti. “Avesto” va “Ramayana”,“Qobusnoma” va “Kalila va Dimna”dan tortib “Goʻroʻgʻli”yu “Alpomish”gacha, Sharqu Gʻarbning antik adabiyotidan bugungi adabiyotgacha qalb tarbiyasi, ruhning erkinligi va ozodligi, muqaddas tuygʻularning umrboqiyligi garovi boʻlib kelgan.

Toʻgʻri, kecha va bugun oʻrtasida katta tafovut bor. Kecha deganim qadim adabiyot davridan XX asrning oxirlarigacha, bugun deganim soʻnggi yigirma sakkiz yilni nazarda tutyapman. Kecha qalb sokin edi, tolib edi, diqqatga moyil edi. U sheʼr, doston, roman, musiqa, rasm shaklidagi mehmonlarni alohida-alohida qabul qilar, mushohadaga, hayratga, hayajonga kenglik va fursat bor edi, mehmonlar esa qalb uyidagi dunyoviy va nafsoniy gʻuborlarni oʻz nurlari hamda ezgu epkinlari bilan poklar edi.

Soʻnggi ikki yuz yillik sivilizatsiya bu qalb muvozanatini buzishga urinib koʻrdi. Zavod-fabrikalar, telefon, samolyot va poyezdlarning kashf etilishi hayot maromini bir ozgina tezlashtirdi. Ammo qalbga, ruhiyatga murojaat qiluvchi vositalar – adabiyot, musiqa, rasm oʻz oʻrnini boshqasiga boʻshatib bermadi. Ayniqsa, mutolaa ruh tarbiyasining asosiy vositaligicha qoldi, yaʼni hayotiy va hissiy maʼlumotlar shu darvozadan kirib kelardi.

XX asr oxiriga kelib fantastik asarlardagi xayollarni ham ortda qoldirib ketadigan shunday texnik ixtirolar qilindiki, ular insoniyatning oʻz-oʻzi bilan va dunyo bilan muloqotidagi maromni, muvozanatni buzib yubordi. Avval sputnik televideniyesi, soʻngra internet, mobil aloqa vositalarining imkoniyatlari va ulardagi maʼlumotlar tezligi qalb tarbiyasi borasidagi ustozlikni mutolaadan tortib oldi. Va insonning tin olishiga, tafakkur qilishiga, oʻz qalbida kechayotgan hissiyotlarni mushohada qilishiga oʻrin ham, fursat ham qoldirmaydigan shiddatli hayot maromini yaratdi. Boz ustiga bu shiddatli quyun qalb va ruhiyatning asrlar davomida shakllangan – ezgulik, rahmdillik, mehru vafo, goʻzallikka oshiftalik, halollik, sadoqat, hayo va odob kabi boyliklarini odamzod qonida muhrlangan koʻzaga solib tashlangan jin kabi oqib yuradigan jaholat, shafqatsizlik, berahmlik, ochkoʻzlik va xudbinlik kabi illatlar lashkariga talon qildirmoqda.

Zohiran odamzod taraqqiyotning minglab yillarini soʻnggi chorak asr fursatda bosib oʻtgandek, ammo botiniga nazar tashlasangiz inson oʻsha-oʻsha– miloddan avvalgi VIII-VII asrlarda yaratilgan “Iliada”dagidek, oʻrta asrlarda yozilgan “Farhod va Shirin” va “Gamlet”dagidek, XX asrda yozilgan “Qiyomat” yoki “Hakim va Ajal”dagidek qalbi Axuramazda va Axriman oʻrtasida talosh holda turibdi. Bu kurashda adabiyot, uning ustunlaridan biri boʻlmish kitobgina Axuramazda vazifasini oʻtashi, qalbni qattiqlashuvidan, ezgu tuygʻulardan mosuvo boʻlmaslikdan asrab qolishi mumkin.

– Xoʻsh, qanday qilib? Axir, Siz aytayotgan hayot shiddati mutolaaga kam oʻrin qoldirayotgan boʻlsa?..

– Globallashuv atalmish bu shiddatning baʼzi iqtisodiy-madaniy aloqalarning tezkorligiga xizmat qilishdek afzalligi boʻlishi bilan birga, yuqorida aytganimdek, insonning nafaqat ichki olamini, balki maqsadlarini, hatto jamiyatni oʻzgartirib yuborishga ega qudratini his qilib turibmiz. Shuning uchun ham kino, moda, estrada kliplari, multfilmlar, koʻngilochar shoular, kompyuter oʻyinlari libosiga oʻralgan “Ommaviy madaniyat” “jonbozligi”dan tashqari, mobil telefon bilan “nafas olish” va Internet “ichida yashash” tarzining ommalashib borayotganiga butun dunyo “davo” topish bilan mashgʻul. Goʻyo XXI asr boshiga kelib, yashab turgan olamimizga parallel yana bir olam – chegarasi yoʻq, qonun qoidasi yoʻq, fuqaroligi yoʻq mobil va virtual olam paydo boʻlganday. Endi shoirning “Chekka bir qishloqning chekka uyida” satrini “Global qishloqning global uyida” deb bemalol oʻzgartirsa ham boʻladi.

Bu muammo oʻz xalqining maʼnaviyati uchun qaygʻurayotgan juda koʻp davlatlar oldida koʻndalang turibdi. Jumladan, bizning ham. Davlatimiz rahbari har bir maʼruzalarida kitobxonlik va qalb tarbiyasi borasidagi butun muammolar, xususan, globalizmning salbiy boʻhronlariga qarshi turishga poydevor boʻladigan maʼnaviy merosimiz, axloqiy qadriyatlarimiz atroflicha tahlil qilingani va yechimlar koʻrsatib bergani, ayniqsa, inson maʼnaviy olamini, qalbini butun saqlaydigan vositalardan biri adabiyot ekanini alohida taʼkidlayotgani bejiz emas.

Endi, bu vazifani bajaruvchilar kimlar – ota onami, oʻqituvchilarmi, oliy oʻquv dargohimi, katta shoiru yozuvchilarmi degan savollarni oʻrtaga tashladi. Bu adabiyotga fidoyilikni, qalbi pok, bilimdon ustozlarning sabotli mehnatini, yosh isteʼdodlarni bolaligidanoq saralab yigʻishni, kerak boʻlsa Prezident, ijod maktablarida jalb qilishni taqozo etadi. Isteʼdodlarni tarbiyalash albatta, mashaqqatli ish, ammo ertaga shunday hosil beradiki, buning misolini poytaxt va viloyatlardagi maxsus maktablarimizda tarbiya topayotgan va jahonni lol qoldirayotgan musiqachi, gimnastikachi,shaxmatchi va futbolchi yoshlarimiz timsolida koʻrish mumkin.

Ertaning buyuk ijodkorlarini tarbiyalash masalasida ham katta imkoniyatlar eshigini ochib berilyapti. Iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qator qarorlarning qabul qilinishi, har yilgi davlat Dasturlarida yosh isteʼdodlarni yuzaga chiqarishga moʻljallangan tadbirlar uchun mablagʻlarning yoʻnaltirilishi, har yili oʻndan ortiq yosh ijodkorlarning kitoblari bepul chop etilishi, viloyat va tumanlarda “Yoshlar ijod saroylari”ning barpo boʻlishi, “Zulfiya mukofoti”, “Yosh kitobxon” koʻrik-tanlovlarida adabiyot yoʻnalishiga alohida eʼtibor qilinishi ozmuncha harakat emas. Bularga qoʻshimcha ravishda viloyat va tuman gazetalari qoshidagi maktablardagi adabiy toʻgaraklarni va nihoyat, Yozuvchilar uyushmasi tomonidan muntazam oʻtkaziladigan yosh ijodkorlar seminarlarini ham alohida eʼtirof etish lozim. Ana shu dargohlarda eng fidoyi shoir va yozuvchilarimiz hech bir shov-shuvsiz, tamasiz, yoshlarning qalb tarbiyasi bilan mashgʻul ekanliklarini koʻrishimiz mumkin.

– Haqiqiy kitobxonlikni zamonaviy usullar bilan targʻib qilsa boʻlmaydimi?

– Yaʼni, ommabop usullar bilan demoqchisiz. Baʼzi mamlakatlarda badiiy asarlarni kompakt disklarga yozib tarqatish, klip qilish, “videosheʼriyat”, “tirik kutubxona”, “sheʼriy komikslar”singari turli ommabop usullarni qoʻllab koʻrishmoqda. Masalan, bizda ham Navoiy asarlaridan parchalarni Afzal Rafiqovning musiqa joʻrligida oʻqishi, kimning gʻoyasi boʻlsa ham, yaxshi taassurot qoldirdi. Televideniyeda marhum shoirlar haqida tayyorlangan koʻrsatuvlarning ham saviyasi yomon emas. Yana “Zakovat”, “Iqtidor” kabi intellektual teleoʻyinlarda sheʼriyat haqidagi savollarni koʻpaytirish, faqat sheʼriyatga bagʻishlangan teleoʻyinlar tashkil qilish ham mumkindir. Bular yaxshi va kerakli, ammo yordamchi vositalar.

– Internet-chi?

– Internetning adabiy, ijtimoiy saytlaridagi badiiy asarlar, uning saviyasi, mualliflari – alohida suhbatning mavzusi. Shunday boʻlsa ham aytib qoʻyay, internetni asosan kutubxona sifatida qadrlasam ham, u menga omonat olamday taassurot qoldiradi. Bir lahza elektr quvvati boʻlmasa – tamom, bu adabiyot ham, bu olam ham yoʻq. Qolaversa, daxmazasi ham yetarli, internetga ulanadigan asbobu uning toʻlovi joyida boʻlishi kerak, kompyuter yoningda boʻlishi kerak, yoki telefonlar unga ulanadigan darajada “zamonaviy”sidan boʻlishi kerak, buning ustiga koʻzga beradigan charchoq, miyaga beradigan radiatsiyasiga chidashing kerak. Ana shulardan keyin ekranda lipillayotgan ellikta reklama-yu xabarga eʼtibor bermay sheʼriyatdan zavq ham olishing kerak. Buni kitob va jurnaldagi sheʼr mutolaasi yoki ustozning jonli sabogʻi bilan taqqoslab koʻravering. Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, qalb tarbiyasi uchun ham, umumiy adabiy saviyaning oʻsishi uchun ham eng avvalo mutolaaga, sheʼr taʼlimiga ehtiyoj uygʻotish lozim deb oʻylayman.

Adiba UMIROVA (“Xalq soʻzi”) suhbatlashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер