Kattaqoʻrgʻonlik fermer ilk bor paxtadan 61 sentnerdan hosil oldi
Foto: Xalq so‘zi
Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon tumanidagi Alisher Mavlonov rahbarlik qilayotgan “Dil Alisher” fermer xoʻjaligi aʼzolari bu yil gʻoʻzaning “Sulton” navini ekib, paxtadan moʻl hosil oldi.
Xoʻjalikning umumiy yer maydoni 100 gektardan ortiq boʻlib, shundan 51 gektariga chigit ekilgan. Shartnomaviy reja esa 190 tonnani tashkil etadi. Ammo fermer birinchi terimning oʻzidayoq 210 tonna paxta hosilini yigʻishtirib oldi. Shuningdek, 14 gektar yer maydonida tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy etilgan boʻlib, bu yerdan fermer ilk bor 61 sentnerdan hosil yetishtirdi.

Bu paxtachilikda yaxshi natija. Xoʻsh buning siri nimada?
Birinchidan, fermer xoʻjaligi aʼzolari ilgʻor xorij uslubini oʻzlashtirish maqsadida “Netafim” kompaniyasi tomonidan “aqlli” sugʻorish texnologiyasini qoʻllagan.
— Kompaniya bilan 385 million soʻmga oʻzaro shartnoma qilib, boshqariladigan sugʻorish tizimini joriy etdik, — deydi fermer Alisher Mavlonov. — Turkiya va Isroil davlatlaridan kelgan mutaxassislar texnologiyadan foydalanish, ularga texnik xizmat koʻrsatish hamda agrotexnik tadbirlar boʻyicha maslahat va amaliy yordam berishdi. Bundan tashqari gʻoʻza parvarishida yuzaga kelgan murakkab vaziyatning salbiy oqibatlarini bartaraf etish hamda hosilga hosil qoʻshish, zararkunandalarga qarshi kurashish ishlarini tizimli tashkil qilish boʻyicha oʻz tavsiyalarini berib borishdi. Toʻgʻrisi, boshida koʻp fermerlar, hatto oʻzim ham moʻl hosil olishga ishonmagan edim. Lekin juda foydali, mehnati kam va natijasi yuqori boʻlgan usul ekan.
— Tomchilatib sugʻorish qishloq xoʻjaligining “yuzi”ni oʻzgartiradi, — deydi “Netafim” kompaniyasining Oʻzbekistondagi filiali bosh agronomi Yeytan Levnin. — Tarmoqda innovatsion texnologiyalarni puxta oʻzlashtirish va amaliyotda qoʻllash bugungi davrning har bir fermeri uchun moddiy manfaatdorlikni oshirish, ishchi kuchi va boshqa resurslarni tejashning yagona yoʻlidir. Hozir innovatsiya davrida tomchilab sugʻorish orqali tonnalab moʻl hosil olish mumkin. AQSH, Germaniya, Xitoy, Turkiya, Isroil, Misr va boshqa davlatlar qishloq xoʻjaligida erishilgan yutuqlar bunga yaqqol misol boʻla oladi.

“Dil Alisher” fermer xoʻjaligi tashkil etilganiga oʻn yetti yil toʻlgan boʻlsa, shu davr ichida fermer birinchi marta paxtadan 61 sentnerdan hosil koʻtardi. Bunday yutuqda, albatta, jamoa aʼzolarining ham munosib hissasi bor. Ikkinchidan, har bir xoʻjalik aʼzosining moddiy manfaatdorligi taʼminlangan. Fermer 12 nafar ishchiga doimiy ish haqi berib keladi. Bundan tashqari fermer agar hosildorlik 40 sentnerdan oshsa, ishchilarining har biriga 5 million, 50 sentnerdan yuqori boʻlsa, 10 million soʻmdan mukofot berishni vaʼda qilgan.
Bugun dehqonchilikni tavakkalchilikka asoslanib qilib boʻlmaydi. Tajriba, bilim, mehnat va jamoaning yakdilligi ana shunday yutuqlarga zamin yaratadi.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring