Kattaqoʻrgʻonda yogʻ-moy korxonasi barpo etildi

15:16 30 Sentyabr 2022 Jamiyat
1283 0

Foto: Xalq so‘zi

Kattaqoʻrgʻon shahrida faoliyat yuritib kelayotgan «Best Smart Siti elektroniks» masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan oʻsimlik yogʻini sanoat usulida qayta ishlab, sifatli va arzon yogʻ-moy mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona ish boshlash arafasida.

Korxonaga 700 ming AQSH dollari miqdoridagi mablagʻ evaziga Turkiya va Xitoyning zamonaviy asbob-uskunalari oʻrnatilgan boʻlib, bir oyda 1,5 ming tonna xom ashyo qayta ishlanadi.

Korxona toʻla quvvat bilan ishlaganda oʻsimlik yogʻi, jumladan paxta texnik chigiti, kungaboqar, soya, maxsar urugʻi kabi xom - ashyo qayta ishlanib, import oʻrnini bosuvchi, eksportbop yogʻ-moy mahsulotlari ishlab chiqariladi.

— Prezidentimizning tadbirkorlarga berayotgan eʼtibori, yaratilgan imkoniyatlardan ruhlangan holda ushbu korxonani barpo etdik, — deydi «Best Smart Siti elektroniks» masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Sultonbek Xaydarov. — Ayni kunlarda qurilish taʼmirlash ishlari yakunlangan boʻlib, asbob-uskunalar oʻrnatildi. Korxonani xom ashyo bilan uzluksiz taʼminlash yuzasidan tumandagi klaster korxonalari, fermer xoʻjaliklari bilan xom ashyo yetkazib berish boʻyicha shartnomalar tuzildi. Kelgusida mazkur korxonada 100 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. Hozirgi vaqtda Kattaqoʻrgʻon shahridagi Qoʻshhovuz mahalla fuqarolar yigʻini raisi, hokim yordamchisi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda mahalliy yoshlar oʻrtasida mehnat shartnomalari tuzilmoqda. Bugungi kunda ularning aksariyati turdosh korxonalarda ish oʻrganib, tajriba orttirmoqda.

Korxona oktyabr oyining ikkinchi oʻn kunligida faoliyat yurita boshlaydi. Maqsad aholi dasturxoni va ichki isteʼmol bozoriga arzon va sifatli yogʻ-moy mahsulotlari yetkazib berishdan iborat.

— “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar boʻlimlari sohaviy inspektorlari tomonidan viloyatdagi mavjud 24 ta yogʻ-moy korxonalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 27-oktyabrdagi PF-6094-sonli Farmoni ijrosini taʼminlash yuzasidan nazorat tadbirlari oʻtkazilmoqda, — deydi “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi bosh inspektori Boxodir Raxmonov. — Xususan, mazkur korxona tomonidan Prezidentimizning yuqoridagi Farmoni talablariga qatʼiy rioya etilishi yuzasidan nazorat oʻrnatilgan. Oʻtkazilgan nazorat tadbirlari davomida paxta texnik chigiti, kungaboqar, soya va maxsar urugʻlarini sanoat asosida qayta ishlash maqsadida mavjud 7 ta tarmoqlarning sifatli oʻrnatilganligi, korxonada sifatli mahsulot ishlab chiqarish uchun yaratilgan imkoniyatlarga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.

Muxtasar aytganda yogʻ-moy korxonalarining soni yana bittaga koʻpayishi bilan aholini arzon va sifatli yogʻ-moy mahsulotlari bilan kengroq taʼminlash imkoniyati yaratiladi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер