Kasbida bir yoʻla 5 ta yirik sanoat korxonasi barpo etilmoqda
Foto: Illustrativ surat
Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida “Rimpex polimer” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan paxta va sunʼiy tola aralashmasidan ip-kalava ishlab chiqarish hamda tekstil chiqindilarini qayta ishlashga ixtisoslashgan yirik sanoat korxonasi qurilishi boshlandi.
Loyiha qiymati 24,5 million AQSH dollarini tashkil etadigan ushbu korxonada 500 ta ish oʻrni yaratilishi prognoz qilinmoqda.
— Bundan tashqari ayni vaqtda tumanimizda yana 4 ta yirik sanoat korxonasi qurilyapti, — deydi Kasbi tumani hokimi Toʻxtamurod Meyliyev. — Misol uchun, ip-kalava ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yana bir korxona “KASBI YARNTEX” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan barpo etilmoqda. Bundan tashqari, “Indorama Agro”, “Naxshab tex group” MCHJ hamda “Kitob ip-yigiruv” AJ ham ip-kalava hamda toʻquv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish harakatida. Ushbu toʻrtta quvvat ham ishga tushirilgach, ularda umumiy hisobda mingga yaqin kishining doimiy bandligi taʼminlanadi.
Taʼkidlash joiz, 2022-yilda Kasbi tumanida 18 ming 500 gektar maydonda gʻoʻza parvarishlanib, 70 ming 400 tonna paxta hosili olingan edi. Yetishtirilgan xomashyoning 24 foizi mahalliy sanoat korxonalari tomonidan qayta ishlandi. Yangi quvvatlarning barpo etilishi evaziga bu koʻrsatkichni 65 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Jahongir BOYMURODOV, «Xalq soʻzi».
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring