Karmanaliklar oqova suv tizimiga ega boʻlishadi

17:54 15 Dekabr 2023 Jamiyat
449 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Karmana Buyuk Ipak yoʻlining Samarqand va Buxoro shaharlarini bogʻlovchi qadimiy manzil. Tarixi ming-ming yilliklarga borib taqaluvchi shahar ahli uzoq yillar oqova suv muammosidan aziyat chekib kelishdi.

— Yogʻingarchilik mavsumlarida ayrim koʻchalarimizdan oylab koʻlmaklar tortilmaydi, — deydi mahalla faoli Ibrohim Hoshimov. — Aholi xonadonlari, hovlilarda iflos boʻlgan suvlarniku aytmasak ham boʻladi. Afsuski, bu suvlar uzoq yillar infeksiya oʻchogʻi boʻlib keldi.

Oʻtgan yili karmanaliklarning asriy muammosini hal etishga kirishilib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fransiya taraqqiyot agentligi ishtirokida “Navoiy viloyati Karmana tumanida oqova suv tizimlarini qurish” hamda “Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahri va Kitob tumani markazida oqova suv tizimlarini rekonstruksiya qilish va qurish” loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur agentlik vakillari yaqinda Navoiy viloyatiga tashrif buyurishdi va “Navoiy suv taʼminoti” MCHJ rahbariyati bilan “Karmana tumani markazida oqova suv tizimlarini qurish” loyihasini amalga oshirilishi yuzasidan oʻzaro fikr almashdilar.

Qariyb olti yilga moʻljallangan hamkorlikdagi mazkur loyiha asosida Karmanada umumiy qiymati 28 mln. yevro boʻlgan oqova suv tizimlarini qurish, yaʼni 1 ta oqova suv tozalash inshooti, 12 ta oqova nasos stansiyasini qurish, 138,5 kilometr oqova suv tarmoqlarini tortish koʻzda tutilgan.

Fransiya taraqqiyot agentligi vakillari mazkur loyiha doirasida bunyodkorlik va qurilish ishlari bajariladigan manzillar, ularning xaritasi bilan tanishdilar. Loyihani amalga oshirish yuzasidan tashkiliy masalalar muhokama etildi.

Taʼkidlash joiz, mazkur loyihaning amalga oshirilishi Karmanada aholi va tadbirkorlik subyektlarining oqova suv xizmati bilan taʼminlanganlik darajasini oshirish, ushbu hududlarning sanitariya-epidemiologik hamda ekologik holatini yaxshilash bilan birga qadim shaharning sayyohlik jozibadorligini yanada oshirishi tayin.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер