Karantin davriga qaramasdan Qashqadaryoda yangi korxona ish boshladi
“Xalq so`zi ONLINE”
“Xalq soʻzi Online”. Ahad Muhammadiyev. Qashqadaryo viloyatidagi “Darmon-farm” xususiy korxonasi tomonidan “Mapusha” brendi ostida bolalar boʻtqasi ishlab chiqaruvchi minizavod ishga tushirildi.
Korxona rahbari Anzur Normurodovning taʼkidlashicha, zavodga kerakli zamonaviy texnologik asbob-uskunalar bir oy oldin keltirilgan. Ammo karantin sababli italiyalik mutaxassislar kela olmasligini maʼlum qilgan. Shundan soʻng videokonferes aloqa orqali mahalliy mutaxassislarga zamonaviy texnologiyalarni ishga tushirish boʻyicha tushunchalar berildi.
“Karantin sharoitiga qaramasdan yangi loyihamizni amalga oshirish uchun italiyalik mutaxassislar bilan bir necha kun davomida onlayn rejimda muloqot olib bordik. Natijada Yakkabogʻ tumanida “Mapusha” brendi ostida bolalar boʻtqasini ishlab chiqarish boshlandi. Italiya va Ukrainaning zamonaviy texnologiyalari bilan jihozlangan korxonada 40 nafarga yaqin yoshlar ishli boʻldi. Ushbu texnologiyalar soatiga 5 tonna meva-sabzavotni qayta ishlash quvvatiga ega”, deydi Anzur Normurodov.
Korxona uchun xomashyosi — meva-sabzavotlar korxonaga qarashli 557 gektar maydonlik bogʻda yetishtiriladi. Xalqimiz boshidan oʻtkazayotgani ayni sinovli kunlarda oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasiga hissa qoʻshish maqsadida bogʻda, daraxtlar orasida loviya, fasol, baqlajon, pomidor, bodring kabi bir qator qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ekilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring