Karantin davrida avtotransport vositasini maxsus ruxsatnomasiz boshqarganlik uchun ularni jarima maydonchasiga joylashtirish masalasi yuzasidan maʼlumot
Foto: O'zA
1. Oʻzbekiston Respublikasining “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi Qonuni 31-moddasida Oʻzbekiston Respublikasi hududining sanitariya muhofazasi sanitariya-karantin nazoratini amalga oshirish va cheklovchi tadbirlar (karantin) joriy etish yoʻli bilan taʼminlanishi belgilangan.
Shuningdek, yuqumli va parazitar kasalliklarning paydo boʻlish yoki tarqalish xavfi yuzaga kelgan taqdirda tegishli hududlarda yoki obyektlarda belgilangan tartibda cheklovchi tadbirlar (karantin) joriy etishi mumkin.
Cheklovchi tadbirlar (karantin) tushunchasining bevosita mazkur Qonunning oʻzida aniq maʼnosi va mazmuni ochib berilgan boʻlib, u oʻz ichiga xoʻjalik faoliyati va boshqa faoliyatning alohida tartibini, aholi, transport vositalari, yuklar va (yoki) tovarlar harakatlanishining cheklanishini nazarda tutadi.
2. Yuqoridagilarga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-yanvardagi F–5537-son farmoyishi bilan cheklovchi tadbirlarni (karantin) tezkor tarzda joriy etish va amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasi (keyingi oʻrinlarda Maxsus komissiya deb yuritiladi) tashkil etilgan.
Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 23-martdagi 176-son qarori 12-bandida Maxsus komissiyaning oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari idoraviy boʻysunuvi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar barcha tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy ekanligi belgilandi.
Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi 1-moddasiga asosan maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Kodeks, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va boshqa hujjatlardan iboratligini unutmaslik lozim.
3. Shunga asosan, Maxsus komissiyaning 2020-yil 4-apreldagi qarorida transport vositalarining haydovchilari avtotransport vositalarining maxsus ruxsatnoma (stiker)siz harakatlanishiga yoʻl qoʻyilganda, transport vositalari koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartibning amal qilish davrida ichki ishlar organlari yoʻl-patrul xizmati xodimlari tomonidan jarima maydonchasiga joylashtirish yoʻli bilan ushlab turilishi toʻgʻridan-toʻgʻri belgilangan.
4. Ayrim fuqarolar va ekspertlar avtotransport vositalarining maxsus ruxsatnoma (stiker)siz harakatlanishi bilan bogʻliq masalalar yoʻl harakati qoidalari doirasidagi huquqbuzarlik deb notoʻgʻri fikr yuritishyapti.
Ushbu holat yoʻl harakati emas, balki qarantin qoidalarini buzish deb malakalanadi. Mazkur talablarni, yaʼni karantin cheklovlarini buzgan shaxslar Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi qodeksning 54-moddasida belgilangan karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo boʻlishining yoki tarqalishining oldini olish maqsadida belgilangan majburiy qoidalarni buzgan shaxs sifatida javobgarlikka tortiladi.
Shu munosabat bilan, Kodeksning 54-moddasidagi huquqbuzarlik yuzasidan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomani tuzuvchi va maʼmuriy ishni mazmunan koʻrib chiquvchi vakolatli organ bu davlat sanitariya nazorati organlaridir.
5. Karantin qoidalarini buzuvchi shaxslar tomonidan, jumladan tegishli huquqi mavjud boʻlmagan taqdirda harakatlanayotgan avtotransport vositalarining huquqbuzarlikni davom ettirilishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida, mazkur avtotransport vositalari ichki ishlar organlari tomonidan jarima maydonchasiga joylashtirish yoʻli bilan ushlab turiladi.
Chunki aks holda, mazkur shaxslar tomonidan karantin bilan bogʻliq cheklovlarga rioya qilmaslik davom ettirilishiga yoʻl ochib beriladi. Har qanday huquqbuzarlik, aniqlangandan soʻng, unga darhol barham berilishi lozim, yaʼni huquqbuzarlik davom ettirilishi toʻliq toʻxtatilishi shart. Avtotransport vositasining harakatlanishi uchun karantin sharoitida asos boʻlmagan holatda ham ushbu qoida tatbiq etiladi va uning keyingi harakatiga chek qoʻyiladi, bu bilan karantin qoidalariga rioya etish taʼminlanadi.
Davlat sanitariya nazorati organlari tomonidan tegishli bayonnomalar bevosita jarima maydonchalarida rasmiylashtirilishi yoʻlga qoʻyilgan, chunki har bir postda ushbu organlar masʼul xodimlari ishtirokini va nazoratini taʼminlashning iloji yoʻq. Yuqoridagi mexanizm esa huquqbuzarlikning bugungi kundagi murakkab epidemiologik sharoitda darhol toʻxtatilishini hamda javobgarlikning muqarrarligini taʼminlaydi.
Maʼlumot tariqasida keltirish mumkinki, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 287-moddasiga asosan ichki ishlar organlari kodeksning yuqorida koʻrsatilgan 54-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar sodir etilganda huquqbuzarni maʼmuriy yoʻl bilan ushlab turish vakolatini ham qoʻllashi mumkin.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, karantin davrida avtotransport vositasini maxsus ruxsatnomasiz boshqarganlik uchun ularni vaqtincha jarima maydonchasiga joylashtirish qonuniy hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi
Ichki ishlar vazirligi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring